O‘tmishning ne-ne voqeliklariga guvoh bo‘lgan, bashariyatning murakkab va taloto‘pli bo‘hronlaridan mardonavor o‘tgan, insoniyat sivilizatsiyasining yuksalish nuqtalarini belgilashda o‘z qudratini namoyish etgan, dunyoning dovro‘g‘li minglab aql va zakovat peshvolariga beshik bo‘lgan Samarqand jahon shaxmatida yangi tarixni vujudga keltirish ostonasida turibdi.
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston, uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasining ilgari surilishi, islohotlardagi izchillik qisqa fursatda yurtimizning xalqaro imiji yuksalishiga olib kelishi bilan birga jahon hamjamiyati e’tiborini go‘zal va betakror diyorimizga qaratdi.

Bugun dunyo O‘zbekistonga katta qiziqish bildirayotgani yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimida, mamlakatimizda tashkil etilayotgan jahon e’tiboridagi tadbirlar mundarijasida yanada yaqqol aks etmoqda.
Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha joriy yilning 25-30 dekabr kunlari Samarqandda bo‘ladigan jahon chempionati bu, ayni holatning mantiqiy davomi bo‘lishi bilan O‘zbekistonning intellektual salohiyatini ko‘rsatib berish borasida yana bir ulug‘vor imkoniyat maydoni vujudga kelganidan dalolat.
Bundan 7-8 yillar muqaddam “yaqin kelajakda mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlarining kichik musobaqasi o‘tkaziladi, yurtimizda shaxmat bo‘yicha jahon chempionati tashkil etiladi”, deyilsa birov ishonmasdi. Tili burro shartakilar o‘sha damlarda “oldin salom berishni eplab ol, cho‘pchagingni landavurlarga ayt” qabilida ters qarashi ham tayin edi.
Ammo, bugun o‘sha shartakiyu, tili burrolar ham, qildan qiyiq axtaradiganlar ham Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, tamoyili hayotning talabi ekanini, yurtimiz tom ma’noda xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini tan olmoqda, e’tirof etmoqda.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, shaxmatning tarixi bir yarim ming yilni tashkil etadi. Uning kelib chiqishi, rivojlanishida O‘zbekiston zaminida o‘tgan sulola va xalqlarning hissasi beqiyos.
Masalan, 1972 yili Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida 1-2-asrlardagi Kushon davriga oid shaxmat donalari, 1977 yili Afrosiyob xarobalarida o‘tkazilgan tadqiqotlar chog‘ida 7-8-asrlarga taalluqli 7 ta shaxmat donasi topilgan.

9 asrda yashagan arab olimi va shatranjchisi al Adliyning yozishicha, shatranjdagi inson tafakkurini cheklagan shashxoldagi xollarning tushishiga qarab yurish (shashxol)ning bekor qilinishi va bu o‘yinning rivojlanishida O‘rta Osiyo xalqlari muhim rol o‘ynagan. Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un nafois”, “Lison ut tayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va boshqa tarixiy asarlarda shaxmat (shatranj)ga oid qimmatli ma’lumotlar bor.
Amir Temur davrida kuchli shatranjchilar Samarqandda to‘planishgan. Tabrizlik Ali ash Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) Samarqandda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib chiqqan. Shatranj haqida kitob yozib, unga o‘zining va 14-asrgacha O‘rta Osiyoda yashagan ko‘plab oliya (grossmeyster)larning mansubalarini kiritgan. U sohibqironning o‘zi bilan ham shatranj o‘ynab turganligi bitiklarda qayd etilgan.
“Aql gimnastikasi” nomi ostida sport turi maqomiga ko‘tarilishiga qadar shaxmat ko‘plab o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan boyidi.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, mamlakatimizda shaxmat sporti tarixi juda chuqur ildizlarga ega. Mamlakatimiz o‘zining eng qadimgi shaxmat maktabi bilan faxrlanishga haqli ekanini bugun Xalqaro shaxmat federatsiyasi a’zolari, jahon shaxmatining yetakchilari bot-bot takrorlamoqda.
1984 yili Georgiy Agzamov zamonaviy shaxmatda O‘zbekistonning birinchi xalqaro grossmeysteri bo‘lgan bo‘lsa, 1992 yili O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi jahon shaxmat olimpiadasida 2-o‘rinni, 1999 yili esa Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Shaxmatning yaralish tarixi, uning ilk o‘yin usullari Samarqand zaminida paydo bo‘lgani, Hind kengliklarida ravnaq topgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar qadimiy bitiklarda bitilganki, Samarqandda shahrida tezkor va blits bo‘yicha FIDE jahon chempionati o‘tkazilishining ma’qullanishi, qadimiy va hamisha navqiron shahar dunyoning eng kuchlilari uchun uchrashuv sahnasi bo‘lishi tarixiy yuksalishning asrlar osha yuzma-yuz kelayotganini anglatayotgandek, nazarimizda.
Shaxmatning o‘tmishi, buguni va kelajagi Samarqandda to‘qnash keladi, chunki dunyodagi eng qadimgi shaxmat donalari topilgan shahar zamonamizning ko‘plab buyuk shaxmatchilariga mezbonlik qiladi.
25-30 dekabr kunlari shaxmat ishqibozlari orziqib kutgan besh kunlik musobaqada dunyoning yetakchi shaxmatchilari jahon chempioni degan nufuzli unvonlar uchun kurash olib boradi.
Aytish lozim, musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi bir million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 700 ming AQSH dollari ochiq turnirga va 300 ming AQSH dollari ayollar o‘rtasidagi musobaqa sovrindorlari o‘rtasida taqsimlanadi.
Samarqand shiddatli shaxmat janglariga hozirlanmoqda. Sobiq jahon chempioni, 2022 yili Qozog‘istonda o‘tgan jahon chempionatida rapid va blits bo‘yicha g‘oliblikka erishgan Magnus Karlsen o‘z chempionligini himoya qilsa, kuchlilar qatoridan joy olishga umidvor Fabiano Karuana 2023 yilni Samarqanddagi fantastik g‘alabasi bilan yilni yakunlashni maqsad qilmoqda. Yil davomidagi qator turnirlardagi g‘oliblik, AQSH chempionligi tojini himoya qilgani, jahon chempionatida uchinchi o‘rinni egallagani Karuanani O‘zbekistonga katta orzular bilan kelayotganini anglatmoqda.
Bugun shaxmat olamida o‘ziga xos natijalari bilan ajralib turadigan xitoylik Din Lijen, AQSHlik Xikaru Nakamuradan tashqari, jahon chempionatining ikki karra ishtirokchisi Yan Nepomnyashiy, tajribali Levon Aronyan, Anish Giri va Yu Yangi, Yan-Kshishtof Duda va Vinsent Keymer, Pragnanandxa, Vidit, Erigaisi va Gukesh singari da’vogarlarning ham Samarqandda umidlari bisyor.
Shu o‘rinda mamlakatimiz shaxmat maktabida kamolga yetib, bugun dunyo “Aql gimnastikasi”da munosib o‘rin egallab kelayotgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov kabi o‘nlab yoshlarimizning ham Samarqand musobaqalaridan orzu-istaklari bir olam. O‘z uyingda devorlar-da suyaydi, qo‘llaydi aqidasiga amal qilinsa, iste’dodlarimiz ishonchga munosib o‘yin namoyish etishini qalb qo‘rimiz bilan istab qolamiz.
Chempionatning ayollar o‘rtasidagi bahslari ham har jihatdan murosasiz o‘tishi tayin. Bu borada Samarqand chempionatida xitoylik Tan Chjun’i, qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva o‘z chempionlik sharaflarini himoya qilish uchun kurash olib boradi. Ayollar o‘rtasida to‘rt karra jahon chempioni Ju Venjun va 2023 yilgi jahon chempionati g‘olibi Aleksandra Goryachkina, dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchi qizi hindistonlik Xumpi Koneru, bu yilgi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionligiga da’vogar Ley Tinsze, jahon reytingida kuchlilar safida qayd etilgan Katerina Lagno, Anna Muzichuk va Nana Dzagnidze, sobiq jahon chempionlari Antoaneta Stefanova, Aleksandra Kostenyuk va Mariya Muzichuk o‘rtasidagi bahslar murosasizligi bilan ajralib turadi, albatta. Ularga Umida Omonova, Afro‘za Hamdamova singari mamlakatimizning o‘nlab shaxmatchi qizlari munosib raqobat ko‘rsatishga harakat qiladi.
Samarqandda o‘tadigan jahon chempionati kun tartibiga binoan 25 dekabrda musobaqaning ochilish marosimi, 26-28 dekabr kunlari tezkor (rapid) yo‘nalishdagi bahslar, 29-30 dekabrda esa blits musobaqalari tashkil etiladi.
Mazkur jahon chempionatining yurtimizda tashkil etilayotganining yana bir tarixiy ahamiyati, bo‘lajak chempionat 2026 yili mamlakatimizda o‘tkazilishi kutilayotgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanaladi.
Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, tarix va bugunning me’moriy mo‘’jizasi sifatida dunyoni o‘ziga ohangrabodek oshufta etib kelayotgan Samarqand o‘tgan yillar davomida yanada ko‘rkamlik kasb etdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan qisqa fursatda uning ko‘p qirrali sayyohlik tizimi, xalqaro darajadagi mehmonxonalar kompleksining bunyod etilishi, madaniy-ma’rifiy ob’ektlarning yanada maftunkorligi ta’minlanishi, qadimiy shaharda betakror boqiy shahar kompleksining yaratilishi, zamonaviy xalqaro anjumanlar majmualari qad rostlashi shaxmatning tezkor va blits yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etishga har jihatdan mos keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand shaxmat bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan jahon chempionatlari tarixiga yangi zarvaraq muhrlashi, uning shonli kelajagini yangi yuksalish cho‘qqisiga boshlash ostonasi bo‘lib qolishi bilan ahamiyat kasb etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.