Shaxmat: “Titled Tuesday” turnirida Nodirbek sovrindor bo‘ldi
Har haftaning seshanba oqshomida dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida o‘tkaziladigan “Titled Tuesday” onlayn blits turnirida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov sovrindorlikka erishdi.
Shaxmat unvoniga ega dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida shveysarcha tizimda o‘tkazilgan turnirda Nodirbek 9,5 ochko jamg‘ardi va 2-o‘rinni egalladi.
Turnirda FIDE reytingida munosib o‘rinlarni egallab turgan Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Arjun Erigaisi, Andrey Yesipenko kabi kuchlilar va yuzlab yosh iste’dodlar safida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari o‘z mahoratini namoyish etdi.

Kecha tunda yakunlangan bu galgi “Titled Tuesday” onlayn blits turnirida ochkolar teng bo‘lsa-da, g‘oliblik polshalik Yan-Krishtoff Dudaga nasib etdi.
Nodirbek Abdusattorov 2-o‘rinni egallashi ortidan 750 AQSH dollari mukofotiga ega chiqdi.
11 ta turdan iborat blits musobaqalarida dona surgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Shamsiddin Vohidov va Afruza Hamdamova 10 ta tur yakunlariga ko‘ra, 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA