Shaxmat: Shamsiddin Vohidov “Titled Tuesday” turnirida 8-o‘rinni egalladi
Har haftaning seshanba kuni dunyoning eng kuchli xalqaro grossmeysterlari ishtirokida o‘tkaziladigan “Titled Tuesday” onlayn blits turnirining bu galgi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Shamsiddin Vohidov, Afro‘za Hamdamova, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov singari 7 nafar shaxmatchimiz dona surdi.
Shveysarcha tizimda 11 turdan iborat kechgan murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, hamyurtlarimizdan Shamsiddin Vohidov 8,5 ochko jamg‘arib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 8-o‘rinni egalladi.
Musobaqada 9 ta g‘alaba, 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat bilan 9,5 ochko to‘plagan meksikalik grossmeyster Xose Martines turnir g‘olibiga aylandi.

Blits musobaqada qatnashgan boshqa shaxmatchilarimizdan Jahongir Vohidov 11 tur yakunida 6,5 ochko, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Bozorov va Afro‘za Hamdamova esa 4 tadan ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Turnirda, shuningdek, FIDE reytingida yetakchi o‘rinlarni egallab turgan Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura, Arjun Erigaisi, Nihal Sarin, Pranav, Aleksey Sarana kabi dunyoning eng kuchli va tajribali shaxmatchilari o‘z mahoratini namoyish etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA