Shaxmat: Sindorov jamoasi bugun Nepomnyashiy jamoasiga qarshi dona suradi
Bugun, 6-sentyabr kuni Hindistonning Bangalor shahrida jamoalar o‘rtasida davom etayotgan “Tech Mahindra Global Chess League” turnirining navbatdagi bosqichida Javohir Sindorov sardorligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi Yan Nepomnyashchiy boshchiligidagi “Ganges Grandmasters” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Global shaxmat ligasi tizimidagi mazkur musobaqaning kecha o‘tkazilgan ikkita o‘yinida Sindorov jamoasi g‘alabaga erishdi.

Dastlabki o‘yinda Javohir Sindorov, Bibisara Assaubayeva, Nixal Sarin, Daniil Dubov, Sara Xadem va jamoa menejeri Mark’Andriya Mauritssinidan iborat “FYERS American Gambits” jamoasi sobiq jahon chempioni Vishvanatan Anand sardorligidagi “PBG Alaskan Knights” jamoasini 10:4 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda Alireza Firuzja sardorligidagi “Triveni Continental Kings” shaxmatchilarini 14:5 hisobida dog‘da qoldirdi.

Aytish lozimki, ortda qolgan uchrashuvlarda Javohir Sindorov avvaliga Vishvanatan Anandni 3:0 hisobida yengdi, keyingi bahsda esa Alireza Firuzja bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi.

Bugun o‘tkaziladigan bahslar arafasida Sindorov jamoasi 6 ta jamoa orasida 24 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlardan joy olgan Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine APL Pipers” va Yan Nepomnyashiy yetakchiligidagi “Ganges Grandmasters” jamoalari hisobida esa 10 ochkodan mavjud.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnir 12-sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA