Shaxmat olimpiadasi: Yigitlarimiz AQSH, Niderlandiya va Qirg‘iziston jamoalarini mag‘lub etdi
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 9-turi O‘zbekiston jamoalari uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Nodirbek Abdusattorov sardorligidagi O‘zbekiston-1 terma jamoasi asosiy raqiblaridan biri - AQSH jamoasini, Jahongir Vohidov yetakchiligidagi O‘zbekiston-2 vakillari Niderlandiya shaxmatchilarini mag‘lub etdi.
O‘zbekiston-1 erkaklar jamoasi sardori Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada oq donalarda Fabiano Karuanani mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Javohir Sindorov qora donalarda Uesli Soga imkoniyatni boy berdi. Nodirbek Yoqubboyev o‘z navbatida oq donalarda Hans Moke Niyemanni taslim etdi. Yosh shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov qora donalarda tajribali Levon Aronyan bilan murosa yo‘lini tanlashi natijasida hamyurtlarimiz 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi.
[gallery-31624]
O‘zbekiston-2 jamoasi FIDE reytingida hamisha kuchlilar qatorida qayd etib kelinadigan niderlandiyalik shaxmatchilarni katta ustunlikda dog‘da qoldirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston-3 shaxmatchi yigitlari Qirg‘iziston jamoasini mag‘lub etgani ham mazkur turnirning muhim natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘zbekiston ayollar jamoalari uchun 9-tur o‘yinlari juda murakkab kechgani natijalarda o‘z aksini topdi.
O‘zbekiston-1 jamoasi dunyo reytingida birinchi o‘rinda turadigan Hindiston ayollar jamoasiga, O‘zbekiston-3 shaxmatchi qizlari Italiya vakillariga imkoniyatni boy bergan vaziyatda O‘zbekiston-2 jamoasi Islandiya jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
T.Ro‘ziyev, Muhammad AMIN (surat), O‘zA