Sharq marvaridi – 2026: Ot sporti rivojida katta qadam
Joriy yilning 8-9-may kunlari O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “O‘zbegim otlari” zavodiga qarashli otchoparda “Sharq marvaridi – 2026” xalqaro ot poygasi musobaqasi o‘tkaziladi.
Shu kunlarda mazkur nufuzli turnirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilyapti. Sport vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, “O‘zbegim” ot zavodi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilayotgan mazkur musobaqaga xorijlik tajribali hakamlar jalb qilingan. Shu bilan birga, mamlakatimiz sportchilaridan tashqari Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasidan jami 100 nafardan ziyod sportchilar ishtirok etadi. Shu bilan birga, bugundan mamlakatimizga xorijdan ot sporti ixlosmandlari, xalqaro sport tashkilotlari vakillari kelyapti.
Poygalar esa otlarning yoshidan kelib chiqib (2, 3, 4 va undan katta yoshdagi Axaltaka va ingliz zotli otlar) 1000 metrdan 2 ming 400 metrgacha bo‘lgan masofada tashkil etiladi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Ta’kidlash lozimki, oxirgi yillar mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan ot sportini rivojlantirish, hududlarda ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ishlar qilinmoqda. Xususan, bu kabi musobaqalardan ham ko‘zlangan maqsad ot sport turi bilan shug‘ullanuvchilarni boshqa davlat sportchilari bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, sohada yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Musobaqa doirasida zotdor otlar ko‘rgazmasi va auksion savdosi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA