O‘zbekiston ot sportida yangi sahifa ochildi
Germaniyaning Aaxen shahrida Xalqaro ot sporti federatsiyasi — FEI tomonidan jahon chempionati tashkil etildi.
To‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladigan mazkur nufuzli musobaqa ot sporti olamidagi eng yirik xalqaro sport tadbirlaridan biri hisoblanadi. Jahon chempionati yakunlari bo‘yicha xalqaro ot sporti sohasining yetakchi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon G‘oziyev ham ishtirok etdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston vakillari FEI prezidenti Ingmar de Vos hamda tashkilot bosh kotibi Sabrina Ibanes bilan uchrashdi. Muloqot davomida xalqaro ot sportining bugungi rivoji, O‘zbekistonda ushbu sport turini yanada ommalashtirish, shuningdek, mamlakatimiz sportchilarining xalqaro musobaqalardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish joiz, Aaxendagi jahon chempionatida ilk bor ikki nafar o‘zbekistonlik chavandozning ishtirok etgani mamlakatimiz ot sporti tarixida muhim voqea bo‘ldi. FEI rahbariyati bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar esa O‘zbekistonning xalqaro ot sporti hamjamiyati bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA