“Sharaf lentasi” – xotira, ehtirom va tinchlik ramzi
9-may – “Xotira va qadrlash kuni” oldidan Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, O‘zbekiston Bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi faollari tashabbusi bilan Andijon shahridagi Ekoparkda “Sharaf lentasi” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, bugungi farovon hayotga erishish yo‘lida xizmat qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, nuroniylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatishdek ezgu g‘oyalar targ‘ib etildi.


– Mazkur tadbirda yurtdoshlarimiz, ko‘kraklariga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i aks etgan lentalarni taqib chiqdi. Biz yoshlar, bugungi tinch va farovon hayotimiz uchun duogo‘y keksalarimiz, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga har qancha hurmat-ehtirom ko‘rsatsak kamlik qiladi. Aksiya har qanday inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayot ekanligi, xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy qadriyatlarni qalbimizga muhrlab, o‘zligimizni anglashga yordam beruvchi muqaddas tuyg‘u ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi, – deydi Bolalar harakati Andijon viloyati bosh sardori Firdavs Mannopov.


Yoshlarning ushbu tashabbusi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tinchlik qadrini chuqur anglash hamda tarixiy xotirani asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.