Shanxay hamkorlik tashkilotining 2000 yil Dushanbe sammitida O‘zbekiston Respublikasi birinchi marta kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan edi. Ana shu sammitda «beshlik» negizida ko‘p tarmoqli tashkilot tuzish to‘g‘risida taklif ilgari surildi.
SHHT ta’sischilaridan biri sifatida ishtirok etish haqidagi qarorni O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda qabul qildi. Xitoyning Shanxay shahrida 6 mamlakat – Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida tashkilotga asos solindi (2001 yil 15 iyun).
Shanxay sammitida yangi tashkilotning maqsad va tamoyillarini e’lon qilgan Deklaratsiya, shuningdek, Terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. Tashkilotning Sankt-Peterburgda bo‘lgan 2-sammitida (2002 yil iyun) ustav hujjati — SHHT Xartiyasiga imzo chekildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, SHHTning oliy organi Davlat boshliqlari kengashi hisoblanadi. Tashkilot tuzilmasi Hukumat boshliqlari (bosh vazirlar) kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari kengashi, Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi va doimiy ishlovchi Kotibiyat (Pekin shahrida joylashgan) hamda Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT Toshkent shahrida joylashgan)dan tashkil topgan.
Ikkinchi tuzilma 2004 yil 1 yanvardan beri ishlab turibdi. Mazkur tuzilma zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qo‘mitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorchilikning oldini olish vazifasi yuklangan. Tuzilma tarkibida kengash va ijroqo‘m faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va 6 davlat maxsus xizmatlari rahbarlarining vakillari kiritilgan. Ijroqo‘mda esa o‘zaro tasdiqlangan lavozim o‘rinlariga muvofiq SHHTga a’zo davlatlardan vakillar ishlaydi.
SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 2004 yil 17 iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan majlisida Tashkilotning shakllanish davri yakunlanganligi qayd etildi. Majlis yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi, SHHTning vakolatlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir hujjatlar imzolandi.
XITOY VA O‘ZBEKISTONNING O‘XSHASHLIK JIHATLARI
Xitoy va O‘zbekiston modernizatsiyasining o‘xshashlik jihatlari ko‘p. 2017 yil 14 sentyabr kuni “Forbes” jurnali O‘zbekistondagi islohotlar va Prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan ichki va tashqi siyosatga doir bir maqolasini chop etgandi.
«Xitoyning Ipak yo‘li tashabbusi tufayli Yevroosiyo xaritadagi qaynoq nuqtaga aylandi. Mintaqaning qachonlardir dunyo uchun yopiq bo‘lgan eng ko‘p aholiga ega mamlakati qayta isloh qilinish harakatlarini amalga oshirmoqda. Markaziy Osiyoning qadimiy davlati sanalgan O‘zbekistonda hozirda katta iqtisodiy islohotlar boshlangan...».
«Ular qadimiy Ipak yo‘lining bir qismi bo‘lishgan va endi yangi Ipak yo‘lining bir qismiga aylanishadi», deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining “Reconnecting Asia” loyihasi direktori Jonatan E.Xillman.
TASHKILOT DOIRASIDA HAMKORLIK
Xitoy xalq respublikasining tashqi siyosiy strategiyasi oxirgi o‘n yilliklarda bir qator omillar ta’sirida o‘zgarishlarga uchramoqda. XXR tashqi siyosiy doktrinasining o‘zgarishiga, davlat qudratining oshishi va jahon miqyosida XXRning AQSHdan keyingi ikkinchi iqtisodiy davlatga aylanishi, «Osiyo Tinch okeani mintaqasiga qaytish» to‘g‘risidagi AQSHning strategik qarori, Afg‘oniston, Pokiston hamda Yaqin Sharqdagi siyosiy beqarorlik, Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan munosabatlardagi taranglik, Janubiy Xitoy dengizi va Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlar eskalatsiyasi, xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyati, ekologik muammolar, aholi sonining o‘sib borishi va boshqa shu kabi ichki va tashqi xalqaro jarayonlar katta ta’sir ko‘rsatdi.
XXR Raisi Si Szinpin XKPning XIX s’ezdidagi «Yangi davrda Xitoy sotsializmi haqidagi Si Szinpinning fikrlari» nomli nutqi davomida, o‘zining besh yillik boshqaruvi yakunlari natijalari va 2050 yilgacha mo‘ljallangan maqsadlarga erishishdagi vazifalarni belgilab berdi. S’ezd qaroriga ko‘ra, XXR tashkil topganligining 100 yilligiga qadar bajariladigan «Zamonaviy va qudratli Xitoy» strategiyasini amalga oshirishi uchun ikki bosqichli strategik reja (2020-2035 yillar, 2035-2050 yillar) ishlab chiqildi. Oxirgi o‘n yillikda XXR tashqi siyosatida davlatni ham do‘stona, ham tinchliksevar va Xitoyni turli shakldagi xalqaro hamkorlik uchun ochiq davlat sifatidagi xalqaro mavqeini oshirishga qaratilgan umumiy trend belgilab olindi. Mazkur kontekstda Xitoyning SHHTdagi ishtiroki uning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘liq mos keladi. Shu bilan birga, XXR hamkorlikdagi iqtisodiy tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Rossiya Prezidenti V.Putin tomonidan 2016 yil 30 noyabrda tasdiqlangan «Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosiy konsepsiya»sida Rossiya tashqi siyosatining asosiy maqsadlari sifatida: davlat xavfsizligini, uning hududiy yaxlitligini, suverenitetini ta’minlash; Rossiyani zamonaviy dunyoning kuchli ta’sirga ega bo‘lgan markazlaridan biri sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlash; chegaradosh davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni shakllantirish va ushbu davlatlar hududidagi tanglik va mojaroli holatlar o‘choqlarini yo‘q qilishga ko‘maklashish va shu kabi o‘choq va mojaroli holatlar vujudga kelishining oldini olish kabilar belgilandi. Rossiya shu bilan birga, ushbu konsepsiyaga muvofiq o‘z oldiga chet davlatlar bilan o‘zaro teng va foydali ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda davlatlararo va xalqaro birlashmalarda faol ishtirok etish vazifasini belgilab o‘tgan.
Rossiyaning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi eng muhim vazifalaridan biri, uning xavfsizlik borasidagi milliy manfaatlarini amalga oshirishi hisoblanadi va SHHTga a’zo davlatlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, uch asosiy xalqaro tahdid («uch yovuzlik kuchi»): terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish bo‘yicha pozitsiyalarini konsolidatsiya qilish borasida faol harakat olib bormoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanish bosqichi mazmuni shundaki, u «Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik»dan boshlanib, «Strategik sherikchilik» darajasigacha chiqdi. Sovet Ittifoqi qulagach, XXR Hukumati 1991 yil 24 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasini SSSRning xalqaro huquqiy vorisi sifatida tan oldi. 2001 yil 16 iyulda Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlardagi ustuvor jihatlar va yo‘nalishlarni qamrab olgan «Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik» to‘g‘risida shartnoma imzolandi.
XXR va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Xitoy uchun Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqillikka erishishi Transsibir magistraliga muqobil sifatida Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlariga, yana Markaziy Osiyo orqali G‘arbga transport yo‘llarini qurish imkonini berdi, bundan tashqari, Markaziy Osiyo bozorining ochilishi XXRning Sinjon uyg‘ur avtonom rayonini iqtisodiy rivojlantirishga rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi va mamlakatning shimoliy-g‘arbidagi keskinlikni yumshatishi mumkin.
Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha 2018 yil 26-27 mart kunlari Toshkentda o‘tkazilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» nomli konferensiyada Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatilishi, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bilan birga olib borilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘ZBEKISTON-XITOY ALOQALARI
Qadim Xitoyda islohotlar evolyutsiyasi va milliy rivojlanish yo‘liga o‘tib olish murakkab kechganidan yaxshi xabardormiz. «Yo‘qsillar otasi» Mao Szedun 33 yillik rahbarlik faoliyatida (1943-76) xizmati shunda bo‘ldiki, og‘ir damlarda G‘arb imperiyalarining hamlalariga chap berib, mamlakat yaxlitligini saqlab qoldi.
«Buyuk dohiy» vafotidan keyin mamlakat tepasiga ishning ko‘zini biladigan arbob Den Syaopin (1904-1997) kelganidan keyin haqiqiy islohotlarni boshlab yubordi. Qizil shiorlar, balandparvoz chaqiriqlar bilan xalqni to‘ydirib bo‘lmasligini anglagan yetakchi iqtisodiyotni erkinlashtirdi, sotsialistik jamiyat tizimiga kapitalistik bozor munosabatlarini dadil olib kirdi. Xususiy mulk davlat va jamoat mulki deb e’lon qilindi, xorij sarmoyadorlariga bir qator imtiyozlar berildi. «Ochiq eshiklar» siyosati olib borildi. Den Syaopin rahbarligi davrida rahbariyat bosh maqsadi «sotsializmni ag‘darish emas, balki uni takomillashtirish va yangilash bo‘ldi». U totalitar tizimni mukammal demokratik tizimga almashtirdi.
«Daryoni kechib o‘tishda oyoq tagidagi toshlarni ham paypaslab ko‘rish kerak», degan fikrlar ham Syaopinga tegishli edi. U ham kommunist, ammo pragmatik bo‘lib, Xitoyni rivojlantirishga intilar, «hamonki mushuk sichqonlarni ovlar ekan, uning qora yoki oqligi muhim emas» deb hisoblar edi. Natija – bugungi biz ko‘rib turgan Xitoy shakllandi. O‘ttiz yil muqaddam u uchinchi dunyo mamlakati edi. bugungi kunda esa Xitoy – jahonning ikkinchi iqtisodiyotiga aylanib, yalpi ichki mahsuloti 20 trln. dollardan oshib ketgan.
Den Syaopin siyosiy modernizatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Tarixiy imkoniyatlar haqida so‘z borar ekan, eramizdan ikki asr muqaddam hududimizga xitoylik diplomat Chjan Szyan kelganligi va Buyuk Ipak yo‘liga asos solganligini esga olish lozim. Endilikda xitoyliklarning «Bir makon, bir yo‘l» deb nomlangan global tashabbusi orqali qit’alarni birlashtiruvchi magistral qayta tiklanmoqda. «Bir makon, bir yo‘l»ni qurish bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘nalishida muhim natijalar qo‘lga kiritildi.
Xitoy — Markaziy Osiyo gaz tarmog‘i, Angren-Pop temir yo‘l tunneli, «Peng-Sheng» sanoat parki, Angren IES kabi yirik loyihalar ro‘yobga chiqarildi hamda bu har ikki mamlakat xalqi va iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirdi. Ayni vaqtda, Angren shina zavodi, Navoiy viloyatida polivinilxlorid ishlab chiqaruvchi majmua, Sharg‘un ko‘mir koni hamda boshqa inshootlar qurilayapti. 2017 yil oxirida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishida avtomobil yo‘li ochilishi tufayli yuk tashish uchun ketadigan vaqt ancha qisqardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil may oyida Xitoyga tarixiy tashrifi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Давлат tashrifi yakuniga ko‘ra, mislsiz katta miqdor – 23 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi.
Xitoy va O‘zbekiston tomonlari o‘sha tashrifda imzolangan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor berayapti.
SAMMITDAN KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida tashkilotga yana oltita yangi muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar qabul qilinadi. Bu haqda SHHTning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ma’lum qildi. Ularning nomlari hozircha oshkor etilmagan. Nurimbetovga ko‘ra, ulardan to‘rttasi arab mamlakati hisoblanadi. Koordinatorning ta’kidlashicha, Samarqand sammiti «SHHT hamkor davlatlari sonini kengaytirishda muvaffaqiyat» ga erishadi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil sentyabrda Dushanbeda SHHTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tganida Eronni tashkilotga qabul qilish hamda Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish tartibi boshlangan edi.
2022 yil iyunda Belarus SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi. Samarqand sammitida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ushbu mamlakatni SHHTga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilishlari kutilmoqda.
Samarqandda SHHT davlat rahbarlari sammiti boshlandi. Unda 15 ga yaqin davlat rahbari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etmoqda. Sammit O‘zbekistonning SHHTga raislik davrining yakuni bo‘ladi. O‘tgan yil mobaynida SHHT doirasida O‘zbekiston tomonidan 80 dan ortiq tadbirlar tashkil qilindi, ularning mantiqiy natijasi sifatida Samarqand sammitida 30 taga yaqin davlatlararo hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Ushbu hujjatlar SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Ular orasida mintaqaviy savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport aloqalarini rag‘batlantirish konsepsiyasi va dasturlari bor. Shuningdek, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda ham qo‘shma loyiha va tadbirlar qabul qilinadi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri bo‘lib, boshqa a’zo davlatlar qatorida tashkilot doirasida hamkorlik strategiyasini belgilab beradi. O‘zbekiston SHHTga a’zo davlatlar sa’y-harakatlarini mintaqaviy barqarorlikni saqlash, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish kabi jihatlarga yo‘naltirishga intilmoqda.
Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda SHHT ishonchli, izchil rivojlanishga mustahkam poydevor qo‘ydi va tashkilot dunyoda tan olindi. Hindiston va Pokiston qo‘shilgandan so‘ng SHHT dunyodagi eng yirik transmintaqaviy tashkilotga aylandi, u dunyo aholisining deyarli yarmini, Yevroosiyoning esa 60 foizdan ko‘prog‘ini qamrab oldi.
Baxtiyor OMONOV,
O‘zbekiston milliy universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori