Joriy yilning 1 iyulidan boshlab xalq ta’limi tizimida yana bir davlat xizmati ishga tushiriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi axborot xizmatiga ko‘ra, endilikda turli sabablarga ko‘ra, yo‘qolgan, buzilgan, yaroqsiz holga kelgan shahodatnomalar o‘rniga dublikatni 5 kunda olish mumkin bo‘ladi.
Buning uchun shahodatnomasi yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan, buzilgan fuqarolar dublikatni olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza beradi. Ariza avtomatik tarzda portal orqali tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga ular orqali ta’lim tashkilotlariga yuboriladi.
Ta’lim tashkilotlari arxiv hujjatlari asosida dublikat berish (yoki rad etish) bo‘yicha xulosa tayyorlaydi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga yuboradi.
Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari QR-kod qo‘yilgan dublikatni rasmiylashtiradi yoki dublikat berishni rad etish to‘g‘risida ma’lumotni shakllantiradi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ravishda yuboradi.
Fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali xizmat natijasini avtomatik tarzda tizimda bepul yuklab oladi.
Shuni ham aytish kerakki, joriy o‘quv yilidan maktabning 9- va 11-sinfini tugatgan bitiruvchilarga shahodatnomalar elektron shaklda beriladi. Bu esa ta’lim sohasidagi qog‘ozbozlik, ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarning oldini olishga qaratilgan navbatdagi qadamdir.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tayanch o‘rta ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabni tamomlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar elektron tarzda o‘zbek va ingliz tillarida shakllantiriladi.
Mazkur tartib o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bitiruvchilarning yurtimizdagi hamda xalqaro bitim imzolagan davlatlar hududidagi kollej, texnikum va oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun hujjatlarni topshirish huquqini beradi. Elektron shahodatnomani olishda va OTMga topshirishda ortiqcha ovoragarchiliklarning yo‘qligi esa o‘z navbatida bitiruvchilar va ularning ota-onalariga ham qulaylik yaratadi.
Elektron shahodatnomalar bitiruvchilarga har yili 20 iyunga qadar beriladi. Buning uchun bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali bepul yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Eng ahamiyatlisi, shahodatnomalar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, bitiruvchilarga dublikat shahodatnoma berilmaydi. Bitiruvchilar shahodatnomani elektron platformadan o‘zi istagan vaqtda bepul qayta yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Ayni vaqtda elektron shahodatnoma platformasi (e-shahodatnoma.uz) ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralarning elektron bazasiga integratsiya qilinmoqda.
Ushbu yangilik o‘quvchilarga qanday qulayliklar yaratadi?
Maktab bitiruvchilari endi o‘z shahodatnomasini yonida olib yurishi talab etilmaydi. Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun Bilim va malakalarni baholash agentligining (avvalgi DTM) “ABITUR” dasturiga integratsiya qilingan holda hujjatlarni onlayn topshirish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga bitiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shaffofligi va haqqoniyligini ta’minlash uchun Adliya vazirligining Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bo‘limlari hamda Personallashtirish agentligiga integratsiya qilinadi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, elektron shahodatnomaga QR-kod tasviri tushirilib, uni istalgan vaqtda elektron platforma orqali tekshirib olish yoki shahodatnoma yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda dublikat olish uchun ovora bo‘lmasdan shu zahotiyoq elektron bazadan qayta yuklab olish mumkin bo‘ladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’limni raqamlashtirish borasidagi ishlarni davom ettirmoqda.
N.Usmonova, O‘zA