Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da adliya vaziri Ruslan Davletov fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishlar yuzasidan deputatlarning savollariga javob berdi.
Jumladan, deputatlarning haydovchilik guvohnomasini almashtirish masalasida aholidan ko‘plab savol va e’tirozlar bo‘layotgani hamda guvohnomani almashtirish muddatlariga oid savoliga javob berar ekan, R.Davletov eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishga kelgan fuqarolar uzun navbatlar hosil qilmasligi uchun «prava» olish elektron shaklga o‘tkazilishini ma’lum qildi.
— Bitta kamchiligimiz — guvohnoma olayotganda imzo chekishi kerak, buning uchun, albatta, fuqaroning o‘zi kelishiga to‘g‘ri kelyapti, — dedi vazir. — Hozir shu masalani hal qilishga harakat qilyapmiz, imzo chekish masalasi olib tashlansa, umuman markazga kelish shart bo‘lmaydi. Faqat elektron ravishda qabul qilinadi va guvohnoma tayyorlanib, hammaga pochta orqali yuboriladi.
Shuningdek, vazir o‘z so‘zida shu kabi yo‘l tutilmasa, muammolar yana takrorlanaverishini, 100-200 mingta odam almashtirmay qolib ketishi va oxirgi kunlarda kelib, navbatga turib olishini ta’kidladi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, joriy yilning aprel oyida eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransportni ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati uzaytirilgan edi. Jumladan, 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2023 yil 31 martgacha, 2010–2012 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 iyungacha, 2013–2015 yillarda berilganlari — 2023 yil 30 sentyabrgacha, 2015 yildan keyin berilganlari — 2023 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Haydovchilik guvohnomalarini olish elektron shaklga o‘tkazilishi esa aholiga yanada qulaylik yaratadi.
M.Komilova, O‘zA