“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozlik to‘lqini” tashabbusi hamda Xitoyning Hisense kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda Hisense Award “Shaharsoz – 2022” bitiruv malakaviy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarda innovatsion tafakkurni shakllantirish, fan-texnikaga bo‘lgan qiziqishini va intellektual salohiyatini oshirish borasida turli dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda.
Tanlov tashabbuskori – 2021 yil “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida tashkil etilgan “Shaharsozlik to‘lqini” yosh arxitektorlar va loyihalovchilar birlashmasi. Tanlovning bosh homiysi va hamkor tashkilotchisi – Xitoyning Hisense kompaniyasi hisoblanadi.
Mazkur tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad arxitektura, muhandislik-qurilish fakultetlari bitiruvchilarining malakaviy ishlari sifatini oshirish, sohadagi eng yaxshi bo‘lajak mutaxassislarni aniqlash va ularni rag‘batlantirishdan iborat.
[gallery-9609]
“Yuksalish” umummilliy harakati qoshidagi “Shaharsozlik to‘lqini” tashabbusi mahalliy arxitektorlar va loyihalovchilarni birlashtirish, ularning arxitektura-qurilish sohasidagi yangiliklari, ilg‘or g‘oyalari va loyihalari, yakdil fikrlarini targ‘ib qilish maqsadlariga qaratilgan.
Tanlovda Otabek Mahmudov, “Kelajakning vertikal shahri” loyihasi uchun, Kumush Munavvarova, “Max Penson Center” loyihasi uchun, F.Olimjonova, O.Vohidov, “Agro-logistika kompleksi” loyihasi uchun g‘olib deb topildi.
Bundan tashqari, tanlovda Shahzod Rahmatov, “Community Arts Center”, Ismoiljon G‘ulomjonov, “Youth professional school”, Behzod Madaminbekov, “Youth Center”, Zafarjon Rahmatov, “Community center”, Zulfiya Rixsiyeva, “O‘quv-mashg‘ulot bazasi”, Mardonbek To‘xtamurodov, “Ko‘p funksiyali turar joy binosi”, Tohir Rasulov, “Zavodning ishlab chiqarish korpusi qurilishi” loyihalari uchun rag‘batlantiruvchi o‘rinlarni egalladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA