“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati bosh kotibi O‘zbekistonni mustaqillik bayrami bilan tabrikladi
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati bosh kotibi Sun Veydun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakat xalqi va rahbariyatiga tabrik yo‘lladi.
Qayd etilishicha, u O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yillikda davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, sarmoyaviy muhitni yaxshilash va “yashil” transformatsiya sohalarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
Sun Veydunga ko‘ra, 2025-yil O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foiz o‘sgan, xorijiy sarmoya hajmi 43 milliard, tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarni tashkil etgan. 2026-yil birinchi yarmida esa iqtisodiy o‘sish 8,5 foiz, investitsiya 28 milliard, eksport hajmi 14,4 milliard dollarga yetgan.
Mulozim respublikamizning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan siyosatini ham yuqori baholagan. Mintaqa davlatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport va gumanitar aloqalar kengayib borayotganiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Xitoy” tuzilmasi doirasidagi hamkorlikka alohida to‘xtalib, O‘zbekiston bu jarayonda faol ishtirok etayotganini ta’kidlagan. Savdo, sarmoya, transport, qishloq xo‘jaligi, yuqori texnologiya, “yashil” energetika va gumanitar almashinuv yo‘nalishlaridagi sheriklikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjudligini qayd etgan.
XXR – O‘zbekiston iqtisodiy aloqalari jadal rivojlanayotgani ham ta’kidlangan. O‘tgan yil tovar ayirboshlash qiymati 18 milliard dollarga yetgani, 2026-yil birinchi yarmida esa 8,9 milliard dollarni tashkil etgani, ayni payt yurtimizda Xitoyning 6 000 ga yaqin korxonasi faoliyat yuritayotgani keltirilgan.
Bosh kotib “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi mintaqaviy savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda gumanitar almashinuvni kengaytirish uchun istiqbolli loyiha sifatida qayd etgan.
Sun Veydun tabrigi yakunida O‘zbekiston xalqiga tinchlik, osoyishtalik, baxt va farovonlik tilagan.
D.Hakimov, O‘zA