Sentyabr oyida inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning sentabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,7 foizga oshgan.
Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 6,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025-yil sentabr — 8,0 foiz) nisbatan 1,6 foiz bandga pasaydi.
Sentyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,9 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tuxum (5,3 foiz), suyakli mol go‘shti (1,7 foiz), qo‘y go‘shti (1,3 foiz), suyaksiz mol go‘shti (1,1 foiz), grechka (1,1 foiz), guruch va guruch oqshog‘i (1 foiz), xom va qaymog‘i olinmagan sut (0,8 foiz) hamda sariyog‘ (0,8 foiz) narxlarining oshishi kuzatildi.
Meva-sabzavot mahsulotlaridan pomidor (14,2 foiz), bodring (13,5 foiz), sabzi (12,4 foiz), bulg‘or qalampiri (4,9 foiz), baqlajon (4,7 foiz), piyoz (2,6 foiz) narxlari qimmatlashdi. Shu bilan birga, sitrus mevalar (-12,0 foiz), uzum (-5,7 foiz), olma (-2,4 foiz) va banan (-1,7 foiz) narxlari arzonlashdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlaridan AI-95 markali benzin (4,2 foiz), AI-92 markali benzin (0,7 foiz), AI-98 va AI-100 markali benzin (0,4 foiz) narxlarining oshishi kuzatildi. Propan narxi 4,2 foizga qimmatlashdi, metan narxida esa o‘zgarish bo‘lmadi.
Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlari (6,8 foiz), huquqiy tusdagi xizmatlar (6,6 foiz), shartnoma asosida davlat OTMlarida o‘qish (6,3 foiz), xususiy umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘qish (6,0 foiz), avtomobil to‘xtash joylari xizmatlari (2,2 foiz), sovuq suv va kanalizatsiya uchun haq to‘lash (2,1 foiz), xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlari (1,7 foiz) narxlarining oshishi kuzatildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 2 mln.dan ortiq narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA