Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha vakili, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov JST Bosh direktori o‘rinbosari Jan-Mari Pagam bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonining joriy holati, muzokaralarning asosiy yo‘nalishlari hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, JST Ishchi guruhining 13-yig‘ilishidan so‘ng 150 dan ortiq yozma savol kelib tushgan. Ishchi guruh hisoboti loyihasidagi majburiyat paragrafidan 9 tasi kelishilgan, shuningdek, 33 ta JST a’zosi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini ichki qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomonining rivojlanayotgan mamlakatlar uchun belgilangan “de minimis” darajasini qo‘llash bo‘yicha pozitsiyasi bayon etildi.

Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar, narx siyosati, subsidiyalar, investitsiya choralari va mutlaq huquqlar bo‘yicha majburiyatlar matni ustida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Qonunchilik islohotlari doirasida joriy yil may oyida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilgani, milliy talablarni xalqaro Codex Alimentarius, WOAH va IPPC standartlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish va xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA