Senatorlar transplantatsiya, elektron raqamli imzoga oid qonunlar ijro mexanizmidagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida ayrim qonunlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qonunosti hujjatlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari ko‘rib chiqildi.
Majlisda “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida” hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini ta’minlashga doir qonunosti hujjatlarining ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi holati tahlil qilindi.
Qonunlarni amalga oshirish mexanizmini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bir qator qonunosti hujjatlari qabul qilingani qayd etildi.
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi, alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish, elektron raqamli imzoni amaliyotga joriy qilish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohalarida qabul qilingan qarorlar hamda me’yoriy hujjatlar qonunlarning amaldagi ijrosini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Senatorlar ayrim qonunlarda nazarda tutilgan havolaki normalarning to‘liq ijrosi ta’minlanmaganiga e’tibor qaratdi. Jumladan, “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun doirasida videoyozuvni amalga oshirish tartibi, shuningdek uni saqlash tartibi hozirga qadar qabul qilinmagan.
“Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan elektron raqamli imzoning kalitini topshirish, shuningdek yuridik shaxsning yangi tayinlangan rahbari tomonidan elektron raqamli imzoni qabul qilib olish tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat tasdiqlanmagan.

“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining ulgurji savdosini tartibga soluvchi hujjat qabul qilinmagan.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
N.Abduraimova,
O‘zA