Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis kun tartibidan bir qator masalalar o‘rin olgan.
Majlisda dastlab Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov yurtimiz hayotidagi muhim voqea-hodisalar haqida to‘xtaldi. Jumladan, 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar haqida to‘xtalar ekan, yurtmizda inson qadri ulug‘ligini qayd etdi. Urush qahramonlari holidan xabar olingani Vatan ravnaqi va tinchligi yo‘lidagi qahramonlik unutilmasligining ifodasi ekanligini ta’kidladi.
Shuningdek, Spiker Prezidentimiz raisligida 7 may kuni tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganiga e’tibor qaratdi.
[gallery-23319]
Qayd etilganidek, mazkur yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim vazifalar belgilab berildi. Mahalladagi birlamchi bo‘g‘in faoliyatini yanada yaxshilash, tibbiyot vakillarining bilim va salohiyatini oshirish, tizimdagi ishlarni zamon talablari nuqtai nazaridan tashkil etish bo‘yicha bir qator vazifalar ilgari surildi.
Spiker mazkur jarayonlarda parlament vakillari ham faol ishtirok etishi, sohaga oid huquqiy hujjatlarni takomillashtirishi, tizimda samarali parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi.
M.Komilova, O‘zA