Senatning sakkizinchi yalpi majlisini kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva xalqaro maydonda vaziyat tobora murakkablashib borayotganiga qaramasdan mamlakatimizda rivojlanish sur’atlari barqaror saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Bu – Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar nechog‘li to‘g‘ri va samarali bo‘layotganini anglatadi.
Islohotlar natijasi xalqaro darajada ham e’tirof etib kelinmoqda. Yaqinda “Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgani iqtisodiyotimizni yuksaltirish yo‘lidagi tizimli ishlarga berilgan navbatdagi yuksak baho demakdir.
Mazkur reytinglar mamlakatimizni xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.

– Joriy yil 9-12 iyun kunlari o‘tkazilgan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati va barqaror iqtisodiy rivojlanishini tasdiqlovchi yana bir ko‘rsatkich bo‘ldi, – dedi T.Norboyeva. – Forumda 100 ga yaqin davlatdan 8 mingdan ortiq ishtirokchi, 3 mingga yaqin xorijiy mehmon, jumladan, vazirlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, dunyoning yetakchi korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi. Umumiy qiymati qariyb 30 milliard dollarlik investitsiya kelishuvlari va savdo shartnomalari imzolandi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhitiga xorijiy investorlarning yuqori ishonchidan dalolat beradi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlari jadallashdi. Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro maydonda, shuningdek, boshqa mamlakat va birlashmalar bilan o‘zaro aloqalarda umummintaqaviy yondashuv bilan ishtirok etmoqda.
Xususan, yaqinda davlatimiz rahbari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida ilgari surgan taklif va tashabbuslari ob’ektiv nuqtai nazardan nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamiz hamda qo‘shni mintaqalar manfaatlariga mos keladi.
Jumladan, transport, logistika, raqamli infratuzilma, xavfsizlik, savdo-moliyaviy yo‘nalishlarda integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar, ayniqsa, bugungi ishonch va hamkorlik keskin pasayib ketgan davrda alohida ahamiyat kasb etib, Markaziy Osiyo mintaqasini dunyodagi barqaror hamkorlik markazlaridan biriga aylantiradi.
–Albatta, bunday natijalar, e’tiroflar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Prezidentimiz boshchiligida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir har bir masalaga davr talabidan kelib chiqib, tanqidiy-tahliliy, tizimli yondashilishi tufaylidir. Bunda, eng asosiy mezon – xalqimizni rozi qilish, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA