Bugun, 2025 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazildi. Majlis jarayonlari ochiqlik tamoyiliga amal qilingan holda Senatning YouTube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali onlayn yoritib borildi.
Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2024 yildagi faoliyati bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Inson huquqlariga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazorati olib borilayotgani alohida qayd etildi.
Ombdusman Feruza Eshmatova 2024 yilda Ombudsmanga huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor-qidiruv faoliyati va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha 1 ming 131 murojaat kelib tushganini qayd etdi. O‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasida 11 shikoyat yuzasidan 13 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan va 2 ta shikoyat yuzasidan 2 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan, shuningdek, 3 shikoyat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Mazkur masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat raisi Tanzila Norboyeva inson huquqlariga oid murojaatlar orqali muammolarni aniqlab, davlat miqyosida, hudud miqyosida yoki tarmoq miqyosida aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish, vaziyatni yaxshilash ustida ishlash zarurligini qayd etdi.
“Ombudsmanning jamiyatimizdagi o‘rni faqatgina murojaatlarga munosabat bildirish, ularni hal qilishga yo‘naltirish emas, inson huquqlariga hurmat madaniyatini ham shakllantirishdir. Qolaversa, Ombudsman institutini, hududiy bo‘linmalarini ijro organlari eshitishi, ularga munosabat bildirishi va so‘rovlarini darhol bajarishi kerak”, dedi Senat raisi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova murojaatlar tahlili bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining ortganini ko‘rsatganini ta’kidladi. Olib borilgan o‘rganishlar va so‘rovnomalar natijalari hamda tahlillar maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari faoliyatiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatdi. Bolalar ombudsmaniga kelib tushgan murojaatlarning to‘rtdan bir qismi umumta’lim maktablarida pedagog xodimlarning bolaga nisbatan zo‘ravonligi yuzasidan bo‘lgan.
Majlisda, shuningdek, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi, o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlis yakunida Senat kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yFK3nFPV5ns" title="Senat: inson huquqi, bolalar manfaati uchun barcha choralar ko`riladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yakubov (video),
Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA