Senat: avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy asos kuchaytirildi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mazkur qonun jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda sud tizimi shaffofligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelayotgan nizoli holatlarning oldini olish, ayniqsa ayrim shartnomaviy munosabatlar doirasida huquqbuzarliklar sodir etilish xavfini kamaytirish maqsadida bunday munosabatlar ishtirokchilarining huquqiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu norma iste’molchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq ma’lumot olish huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi.
Qonunning yana bir muhim yo‘nalishi – voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Endilikda voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.
Bu voyaga yetmaganlarning ruhiy holatini inobatga olish, ularga nisbatan bosim o‘tkazilishining oldini olish va xalqaro standartlarga mos ravishda bola manfaatlarini himoya qilish kafolatini yaratadi.

Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu esa sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga bo‘lgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi. Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qo‘llanilmaydi.
Senatorlar ma’qullagan qonun ma’muriy javobgarlik tizimini insonparvarlik va adolat prinsiplari asosida isloh qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA