Madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda
Keyingi yillarda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirildi. Vakolatli organlarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalar qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova qonunga muvofiq madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniqlashtirilganini qayd etdi.

Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq vakolatlar esa Madaniyat vazirligiga tegishli ekanligi nazarda tutilmoqda.
Xususan, Madaniy meros agentligiga moddiy madaniy meros ob’ektlarini hisobga olish, davlat kadastrini yuritish, tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.

Qonun bilan madaniy boyliklarning muomalasi, jumladan, ularni kimoshdi savdolari orqali realizatsiya qilish tartibi takomillashtirilib, ushbu jarayonlarni vakolatli organ bilan kelishgan holda amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.
Arxeologiya yodgorliklarini tadqiq etishni faqat tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshirish, madaniy meros ob’ektlarining holatini muntazam nazorat qilish hamda ularni har besh yilda ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilamoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, vakolatlar taqsimotida aniqlikni ta’minlash hamda sohada yagona va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA