Seminar: Rag‘bat iqtidorli sportchilar safini kengaytiradi
Mamlakatimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish qatorida ommaviy sport harakatini, mahoratli sportchilarni tayyorlash, saralash tizimlarini yangi bosqichga olib chiqish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Natijada keyingi yillarda yangi O‘zbekistonning jismoniy tarbiya va sport qiyofasi xalqaro sport olamiga yanada jozibali va viqorli ko‘rina boshladiki, bu, joylarda mehnat qilayotgan murabbiy-mutaxassislarning bilimi va dunyoqarashi yanada yuqori bo‘lishini taqozo etmoqda.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da Toshkent shahar sport boshqarmasi, uning tizimidagi sport maktablari rahbarlari, ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha faoliyat olib borayotgan trener-seleksionerlar, raqamlashtirishga mas’ul xodimlar ishtirokida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda shu haqda so‘z bordi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalar hamda joriy etilayotgan yangi mexanizmlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Unda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari, erishilgan natijalar hamda mavjud sport infratuzilmasidan kelib chiqib, sport maktablari ixtisoslashtirilayotgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalarini biriktirish, mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarga o‘zi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi.
O‘ziga xos savol-javob tarzida kechgan seminarda Sport vazirligi mutaxassislari trener-seleksionerlarning ish faoliyatini baholash mezonlari va rag‘batlantirish mexanizmlari yuzasidan kerakli tushuncha va tavsiyalarni aytib o‘tishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA