Sport maktablari direktorlari uchun malaka oshirish seminari tashkil etildi
"Olimpiya shaharchasi"da sport va ixtisoslashtirilgan sport maktablari direktorlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad rahbarlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish va sport ta’limi muassasalari faoliyati samaradorligini oshirishdan iborat.
Unda sport vaziri Adham Ikromov ishtirok etib, sohada olib borilayotgan islohotlar, rahbar kadrlar oldida turgan ustuvor vazifalar hamda sport maktablari faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalariga to‘xtaldi.
Seminar dasturi sport muassasalarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini amaliyotga joriy etish, rahbarlarning boshqaruv va strategik rejalashtirish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, kadrlar siyosati, ommaviy sportni rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xaridlari tizimini to‘g‘ri tashkil etish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash yuzasidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.

Bunday seminarlar sport maktablari rahbarlarining boshqaruv madaniyatini yuksaltirish, muassasalar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda mamlakatda sport tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA