Sayyor qabul: muammo va yechim
Xorazm viloyatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosarining sayyor qabuli tashkil etildi. Unda yuridik va jismoniy shaxslarning qurilish sohasi, ko‘p kvartirali uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish tizimlari bilan bog‘liq murojaatlari qabul qilindi.
Sayyor qabul davomida kelib tushgan har bir murojaat amaldagi qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganilib, fuqarolarga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi hamda muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayrim murojaatlar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar tegishli tartibda qabul qilinib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.


Mazkur sayyor qabul doirasida 50 ga yaqin murojaatlar ko‘rildi, ularning bir qismi ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan holatlar bo‘yicha esa tegishli idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilib, muammolar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, qonunchilik asosida hal etish choralari ko‘rilmoqda.


Har bir murojaat yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijrosi alohida nazoratga olingan.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbiri