Sayyor qabul: muammolar joyida o‘rganilib, yechimlar belgilandi
Majburiy ijro byurosi rahbariyati tomonidan Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish va ularga tezkor yechim topish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Byuro rahbariyati qabulini so‘rab qilingan murojaatlar yuzasidan hududlarga chiqib, fuqarolarni joyida qabul qilish va ularning muammolarini bevosita o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navbatdagi sayyor qabul davomida aliment undirish, mulkiy va nomulkiy masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi.
Jumladan, Narpay tumanidagi undiruvchi S. Komilova qarzdor Sh. Quchkarov tomonidan aliment to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganini bildirib, mavjud qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘radi.

Murojaat joyidayoq nazoratga olinib, mas’ul davlat ijrochilariga tegishli topshiriqlar berildi. Olib borilgan tezkor ijro harakatlari natijasida qarzdordan 23 130 000 so‘m aliment qarzdorligi to‘liq undirilib, undiruvchi foydasiga yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Mazkur natija aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, ayniqsa, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni o‘z vaqtida hal etish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.
Byuro rahbariyati tomonidan bunday sayyor qabullarning hududlarda muntazam tashkil etilishi fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish, mavjud muammolarga amaliy yechim topish hamda aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov
O‘zA