Saylov okruglarida ish qizg‘in
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrugida ham saylovni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Okrug saylov komissiyasi raisi, o‘rinbosari, kotibi va okrug saylov komissiyasi a’zolari faoliyat ko‘rsatishi hamda matbuot xizmati uchun alohida xonalar mavjud bo‘lib, ular zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi davlat va jamiyat qurilishi sohasini, huquqiy tizim, jumladan, saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.Shu asosda saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar saylov jarayonini liberallashtirish, uning ochiqligini ta’minlash, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi uchun mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish imkonini yaratdi.
Mamlakatimizda shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrugida ham saylovni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Okrug saylov komissiyasi raisi, o‘rinbosari, kotibi va okrug saylov komissiyasi a’zolari faoliyat ko‘rsatishi hamda matbuot xizmati uchun alohida xonalar mavjud bo‘lib, ular zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
– Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni saylovchilarga keng tushuntirish, ularning bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tayyorgarlik ko‘rishi uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi okrug saylov komissiyasi raisi J.Inog‘omov. – Ayni paytda okrug saylov komissiyasining ish rejasi tasdiqlangan. Saylov komissiyasi a’zolarining navbatchiligi tashkil etilgan. Saylovni yoritish bo‘yicha matbuot markazi zarur adabiyotlar, uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlangan.
Fuqarolarning saylov huquqi kafolatlari to‘liq amalga oshishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularning huquqiy madaniyatini oshirish alohida e’tiborda. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari saylovda qatnashish huquqiga ega. Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoli, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari vakolatlari doirasiga saylov uchastkalarini tuzish, ularning okrug bo‘yicha tartib raqamini belgilash, manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qilish, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib borish kiradi. Shundan kelib chiqib, poytaxtimizda 653 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyasining va ovoz berish binosining manzilini ko‘rsatgan holda har bir saylov uchastkasining chegaralari to‘g‘risida saylovchilar belgilangan vaqtda xabardor etiladi.
Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga oid yaratilgan qonuniy asoslar mamlakatimizda saylovlarning ochiqlik, oshkoralik ruhida, yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.