Senatda qanday muhim masalalar kötarildi? (+video)
Poytaxtimizda Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinçi yalpi majlisi bölib ötdi.
Videokonferensaloqa şaklida taşkil etilgan majlisga Senat Raisi Tanzila Norboyeva raislik qildi.
Majlisda Senat Raisi Davlat Rahbarining qaror va taşabbuslaridan kelib çiqadigan vazifalar parlament faoliyatining barça yönalişlariga oid reja va dasturlarda aniq aks etişi zarurligini taʼkidladi.
Xususan, joriy yil 16-noyabrda qabul qilingan Prezident farmonining har bir bandini çuqur örganiş, uni amalga oşiriş böyiça aniq masʼullar va ijro muddatlarini belgilaş muhimligi qayd etildi.
Bunda aholi tomonidan kötarilgan har bir masala sessiyada muhokama qilinganidan söng aniq çora-tadbirlar belgilanişi şartligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, muammoni kim va qaçon hal etişi, ijrosini kim nazorat qilişi hamda natijalar qaçon körib çiqilişi qatʼiy belgilab qöyilişi lozim.
– 2027-yil mahalliy vakillik organlari uçun masʼuliyatli yil böladi, - dedi T.Norboyeva. – Kengaşlar faolligi saylovçilar kötargan masalalarga topilgan yeçimlarda körinişi kerak. Bu vazifalarni bajarişda olimlar va soha mutaxassislari tajribasidan ham samarali foydalaniş zarur. Joylardagi senator va deputatlarimiz saylovçilar bilan uçraşuvlarda kötarilgan, hudud uçun dolzarb ahamiyatga ega bölgan masalalarni atrofliça örganib, loyihaviy yondaşuv asosida tegişli qömitalarga aniq takliflar kiritib boriş amaliyotini tizimli yölga qöyişimiz kerak. Kelgusi yildan faoliyatimiz samaradorligini baholaşda uşbu tizim natijadorligi asosiy mezonlardan biri böladi.
Ikki kun davom etgan yalpi majlisda mamlakat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik, fuqarolarning uy-joy huquqlari, yöl harakati xavfsizligi va ijtimoiy sohaga oid qator muhim qonunlar körib çiqildi.
Kun tartibidan örin olgan eng muhim hujjatlardan biri – mamlakatimiz tarixida ilk bor alohida yaxlit qonun sifatida işlab çiqilgan «Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik töğrisida»gi qonun böldi.
Unga muvofiq, safarbarlik davrida harbiy xizmatga çaqirilgan fuqarolarning iş joyi saqlab qolinadi, ular soliq va majburiy tölovlardan ozod etiladi, kredit tölovlari esa keçiktiriladi.
Mamlakatimizning xalqaro nufuzini oşirişga hissa qöşayotgan xorijiy hamkorlarni taqdirlaş maqsadida «Özbekiston ehtiromi» ordenini taʼsis etiş töğrisidagi qonun maʼqullandi.
Qurilişi yakunlanmagan köp qavatli uylarga fuqarolarni köçirib kiritiş holatlariga çek qöyişga qaratilgan qonunda bunga yöl qöygan buyurtmaçi va pudratçi taşkilotlar mansabdorlarining jinoiy javobgarligi belgilandi.
[gallery-32776]
Yöl harakati xavfsizligini taʼminlaş maqsadida esa tezlikni belgilangan meʼyordan 40, 60 va 80 kilometr/soatga oşirganlik uçun jarimalarni köpaytiriş, haydovçilik huquqidan mahrum etiş çoralarini kuçaytiriş nazarda tutildi.
Bundan taşqari, senatorlar bojxona, narkojinoyatçilikka qarşi kuraşiş, kiberxavfsizlik va davlat sirlarini muhofaza qilişga oid qonunlarni ham maʼqulladilar.
Yalpi majlisning ikkinçi iş kunida yer töğrisidagi qonunçilikni takomillaştiriş, tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini tartibga solişga qaratilgan qonunlar ham muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament sörovi natijalari ham atrofliça tahlil qilindi.
Kun tartibiga kiritilgan barça masalalar yuzasidan Senatning tegişli qarorlari qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
Farhod Abdurasulov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Iskandar Ismatov (montaj), ÖzA