27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar jarayoni ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazildi.
Saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlarga ko‘ra, bu galgi saylovda nomzodlarning 40 foizi ayollardan iborat bo‘lishi lozimligiga oid norma nomzod ko‘rsatish davomida ta’minlandi.
Saylovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yangidan saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Avvalgi chaqiriqda ayol deputatlar 32 foizni tashkil etgan edi. Demak, bu safar ushbu ko‘rsatkich 6 foizga ko‘p.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.
Bundan tashqari, saylangan deputatlar orasida mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari ham bor. Ular 12,7 foizni tashkil qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA