Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda jamiyatda ayollarning ijtimoiy maqomini kuchaytirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Gulbahor Saidg‘aniyeva. — Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ta’minlashning yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xotin-qizlarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi o‘rni va rolini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. Hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolari va mahalliy Kengash deputatlarining 25 foizi xotin-qizlardan iborat. Bu 2014 yildagi parlament saylovidagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p deganidir. Bundan tashqari, turli sohalarda xotin-qizlarning ulushi oshib bormoqda. Masalan, tibbiyotda 77 foiz, ta’limda 74, iqtisodiyot va sanoatda 46 foiz, tadbirkorlikda esa 40 foizni xotin-qizlar tashkil etadi.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foizga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Loyihani tayyorlashda xorijiy tajriba ham o‘rganildi. Bu boradagi ko‘rsatkichlar xorijiy davlatlarda turlicha shakllangan. Xususan, Yevropa davlatlarida 40-50 foiz, MDH davlatlarida 25-30 foiz atrofida belgilangan. Rossiya, Belarus va Tojikistonda esa ayollar uchun kvotalar nazarda tutilmagan. Armanistonda 25 foiz, Qozog‘istonda ayollar bilan birgalikda yoshlar va nogironlar 30 foiz, Qirg‘izistonda esa nomzodlarning ko‘pi bilan 70 foizi bir jins vakili bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar ushbu qonun loyihasining ahamiyati muhimligini, ayollarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirishga, siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, yurtimiz gender tenglik bo‘yicha xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarga ko‘tarilayotgani e’tirof etildi. Jumladan, Parlamentlararo ittifoqning 2023 yil 1 yanvardagi ma’lumotlarida siyosatdagi ayollar reytingi bo‘yicha 190 mamlakat ichida O‘zbekiston 52- o‘rinda qayd etilgan.
Fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ham ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA