Sanoatda energiya tejaş: Olimlarning innovatsion yeçimlari
Energetika sohasini rivojlantiriş hamma zamonlarda ham dolzarb masalalar qatorida bölgan. Çunki elektr energiyasisiz bugun bir daqiqamizni ham tasavvur qilolmaymiz. Usiz zavodlaru korxonalarda iş töxtaydi. Natijada iqtisodiyot inqirozga uçraydi. Ammo energiya manbasi ham çeksiz emas. Undan meʼyorida foydalaniş, isrof qilmaslik esa barçamizga birdek masʼuliyat yuklaydi.
Olimlarimiz energiya sarfini kamaytiriş uçun qanday tadqiqotlar olib bormoqda? Ötkazilayotgan tadqiqotlar natijasida amaliyotga joriy etilgan qanday yangi usul yoki texnologiyalar bor? Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Energetika muammolari instituti, “Energiya samaradorligi va energiya tejaş tizimlari” laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori Kamoliddin Qodirov bilan şu mavzuda suhbatlaşdik.
— Bugungi kunda sanoat korxonalarida energiyani tejaş nima uçun bu qadar muhim bölib qoldi?
— Mamlakat iqtisodiyotining energiya siğimi, yaʼni yalpi içki mahsulot birligiga sarflanadigan energiya miqdori köp jihatdan sanoat korxonalarining texnologik darajasiga boğliq. Energiyani tejaş masalasining bugungi dolzarbligi bir neça özaro boğliq omillar bilan izohlanadi.
Birinçidan, elektr energiyasiga talab barqaror ösmoqda. 2026-yil yozida sutkalik isteʼmol 284 million kVt·soat bilan tarixiy maksimumga yetdi. Şu bilan birga, 2026-yilning birinçi yarmida elektr tarmoqlaridagi yöqotişlar 17,2 foizni taşkil etdi.
Ikkinçidan, elektr energiyasining ulgurji bozori şakllantirilib, tariflar bozor tamoyillariga bosqiçma-bosqiç ötmoqda. Energiya siğimi yuqori tarmoqlarda (metallurgiya, kimyo, sement, töqimaçilik va boşqa) energiya xarajati tannarxning hal qiluvçi tarkibiy qismiga aylanadi. Demak, soliştirma energiya sarfi korxona rentabelligini bevosita belgilaydi.
Uçinçidan, 2024-yilda qabul qilingan «Energiyani tejaş, undan oqilona foydalaniş va energiya samaradorligini oşiriş töğrisida»gi Qonun energiya samaradorligi talablarini buzganlik va resurslarni meʼyordan ortiqça sarflaganlik uçun javobgarlikni nazarda tutadi. Energiya samaradorligi agentligiga 2030-yilgaça iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga qisqartiriş vazifasi yuklatilgan, 2026-yilning özida 4,3 milliard kVt·soat elektr energiyasi va 2,8 mlrd m³ gazni tejaş rejalaştirilgan.
Energetika sohasidagi tajribadan kelib çiqib şuni taʼkidlaş lozimki, energiyani tejaş bir martalik tadbir sifatida emas, balki doimiy boşqaruv jarayoni sifatida taşkil etilgandagina barqaror natija beradi. Xalqaro amaliyotda buning uçun ISO 50001 «Energetik menejment tizimlari» standarti qöllaniladi. Sanoat korxonalarida energetik siyosat belgilanadi, energetik bazaviy çiziq hamda energetik samaradorlik körsatkiçlari aniqlanadi va natijalar muntazam baholab boriladi. Bunday tizimni joriy etgan korxonalarda katta investitsiyasiz, faqat taşkiliy çoralar hisobiga ham energiya sarfini sezilarli kamaytiriş mumkin.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda sanoat korxonalarida energiyani tejaş bu faqat elektr energiyasi uçun tölanadigan mablağni kamaytiriş emas. Bu işlab çiqariş samaradorligini oşiriş, mahsulot tannarxini pasaytiriş, energetik xavfsizlikni mustahkamlaş va mamlakat sanoatining xalqaro raqobatbardoşligini oşirişning muhim omilidir.
— Olimlarimiz korxonalarda energiya sarfini kamaytiriş uçun qanday tadqiqotlar olib bormoqda? Tadqiqot natijalari qanday?
— Sanoat korxonalarida energiya sarfini kamaytiriş böyiça quyidagi yönalişlar böyiça amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlar amalga oşirilmoqda:
– elektr tarmoqlari va podstansiyalardagi yöqotişlarning ilmiy asoslangan hisobini işlab çiqiş: transformatorlarning yuklaniş rejimi, reaktiv quvvat balansi, izolyatsiya resursining eskirişi va texnik yöqotişlarni kamaytiriş usullarini işlab çiqiş;
– yuklama grafiklarini modellaştiriş va prognozlaş: sanoat korxonalarning ölçangan isteʼmol profillari asosida statistik va intellektual modellari yordamida yuklamalarni oldindan baholaş;
Masalan, yengil sanoat korxonalarida trikotaj va yigiruv aylanma töquv maşinalari va yigiruv uskunalarining energiya isteʼmoli ip turi, maşina tezligi, yuklaniş darajasi va smena tartibiga kuçli boğliqligi böyiça institutimiz yoş olimlarining sönggi tadqiqotlarida quyidagi natijalar olindi. Yaʼni, korxonalar uçun ARIMA kabi statistik modellar va maşinali örganiş usullarini birlaştirgan gibrid prognoz modellari işlab çiqilib, ular asosida texnologik jarayonni buzmasdan energiya sarfini kamaytiruvçi boşqaruv algoritmlari yaratildi.
Sanoat korxonalarida energiya sarfini kamaytiriş böyiça olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijasida bir qator yangi usul va texnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, elektr energiyasi isteʼmolini intellektual prognozlaş, intellektual monitoring tizimlari, elektr dvigatellarini çastota özgartirgiçlar orqali boşqariş, çiqindi issiqlik energiyasini qayta tiklaş hamda raqamli egizak texnologiyalaridan foydalaniş şular jumlasidan. Uşbu texnologiyalar yordamida energiya sarfiga taʼsir etuvçi omillar aniqlanadi, elektr yuklamalari optimal taqsimlanadi va uskunalarning iş rejimlari takomillaştiriladi. Ayniqsa, intellektual algoritmlar orqali elektr energiyasi isteʼmolini oldindan prognoz qiliş va meʼyordan ortiq sarflaniş holatlarini aniqlaş imkoniyati yaratilmoqda. Natijada sanoat korxonalarida energiya resurslaridan samarali foydalaniş, texnik yöqotişlarni kamaytiriş va işlab çiqarişning energetik samaradorligini oşirişga erişilmoqda.
— Bu tadqiqotlar korxonaga nima beradi? Kamroq elektr sarfinimi, kamroq xarajatnimi yoki köproq mahsulot işlab çiqariş imkoniyatinimi?
— Tadqiqotlarning korxona uçun samarasini uçta özaro boğliq körsatkiç orqali baholaş mumkin. Bunda energiya isteʼmoli, energiya xarajatlari va işlab çiqariş imkoniyati. Ilmiy nuqtai nazardan asosiy mezon mahsulot birligiga töğri keladigan soliştirma energiya sarfining kamayişidir, çunki u uçala körsatkiçni ham özida aks ettiradi.
Energiya isteʼmolining kamayişi bu töğridan-töğri texnologik samara. Oddiy bir misol, markazdan qoçma nasos va ventilyatorlarda proporsionallik qonunlariga köra isteʼmol quvvati aylaniş tezligining kubiga mutanosib: tezlik 20 foizga kamaytirilsa, quvvat qariyb 49 foizga kamayadi. Şu sababli drossel bilan rostlaşdan çastotaviy rostlaşga ötiş köp hollarda 20–40 foiz tejaşni taʼminlaydi.
Elektr energiya xarajatlarini faqat isteʼmol qilingan elektr energiyasi bilan emas, balki elektr energiyasi isteʼmolida yuklama grafigining özgarişi bilan ham belgilaş mumkin. “Tiğiz” davrlarda yuklamaning pasayişi transformator va kabel tarmoqlarini kengaytirişga ketadigan kapital xarajatlarni keçiktiradi va tok kvadratiga mutanosib bölgan içki tarmoq yöqotişlarini kamaytiradi. Misol uçun yiliga 1 mln kVt·soat isteʼmol qiladigan korxonada 10 foiz tejaş bu 100 ming kVt·soatni taşkil etadi. 1 kVt·soat elektr energiyasining narxi şartli 1000 söm bölsa, yillik iqtisod 100 million sömga teng böladi. Elektr energiyasi isteʼmolida texnik yöqotişlarning oldini oliş va uskunalarning iş rejimini optimallaştiriş elektr energiyasi uçun tölanadigan mablağlarni tejaş imkonini beradi. Şuningdek, uskunalarning nosozligi va rejadan taşqari töxtab qoliş holatlari kamayişi natijasida taʼmirlaş xarajatlari ham qisqaradi.
Korxona rahbari uçun eng tuşunarli körsatkiç investitsiyaning qoplaniş muddatidir. Masalan, yuqoridagi 100 million sömlik yillik tejamni taʼminlaş uçun 150 million söm sarflansa, oddiy qoplaniş muddati 1,5 yilni taşkil etadi. Yirik loyihalarda esa diskontlangan körsatkiçlar hamda tariflarning kelgusidagi ösişi hisobga olinişi kerak, çunki tariflar bozor tamoyillariga ötkazilayotgan şaroitda tejalgan har bir kVt·soatning qiymati yildan-yilga ortib boradi.
Sanoat korxonasiga ajratilgan quvvat limiti va tarmoq ötkazuvçanligi çeklangan. Yuklama grafigi tekislansa va uskunalarning foydali iş koeffitsenti oşsa, mavjud quvvat doirasida köproq mahsulot işlab çiqariş mumkin. Bu, ayniqsa, tarmoqqa qöşimça quvvat bilan ulaniş imkoniyati çeklangan hududlardagi sanoat korxonalari uçun muhim hisoblanadi.
— Korxonalarda energiya köp sarflanişiga asosan nima sabab böladi? Bu muammoni ilm-fan yordamida hal qiliş mumkinmi?
— Korxonalarda elektr energiyasi va boşqa energiya resurslarining ortiqça sarflanişi zamonaviy sanoatning eng muhim ilmiy-texnik muammolaridan biridir. Bu muammoni ilm-fan yordamida hal qiliş mumkin. Eng muhimi, energiya sarfini şunçaki kamaytiriş emas, balki işlab çiqariş hajmi va mahsulot sifatini saqlagan holda energiyadan foydalaniş samaradorligini oşiriş kerak.
Korxonalarda energiyaning ortiqça sarflanişiga asosiy sabablar qilib quyidagi omillarni oliş mumkin. Eskirgan va samaradorligi past uskunalar, jumladan eski elektr dvigatellari, nasoslar, kompressorlar va ventilyatorlar ortiqça elektr energiyasi isteʼmol qiladi. Uskunaning yuklaniş darajasi nominal qiymatdan ança past bölişi ham samaradorlikni pasaytiradi.
Elektr yuritmalar sanoatdagi elektr energiyasi isteʼmolining katta qismini turli baholarga köra 60–70 foizini taşkil etadi. Şu bois dvigatellarni almaştirişda davlat standartlari böyiça yuqori samaradorlik sinfidagi dvigatellarni tanlaş muhim. Şu bilan birga, dvigatel quvvatini ortiqça zaxira bilan tanlaş ham keng tarqalgan xatodir.
Elektr tarmoqlaridagi texnik yöqotişlar, jumladan transformatorlar, kabellar va taqsimlovçi elektr tarmoqlaridagi aktiv quvvat yöqotişlari, reaktiv quvvat oqimlari va kuçlaniş oğişlari energiya sarfining oşişiga sabab böladi.
Uşbu muammolar ilm-fan yordamida quyidagiça hal etiladi. Ilmiy yondaşuvda muammoning yeçimi faqat energiya tejovçi uskuna örnatiş bilan çeklanmaydi. Energiya isteʼmolini ölçaş, matematik modellaştiriş, prognozlaş va avtomatik boşqariş yagona tizimga birlaştirilişi kerak.
Bunda energetik tekşiruvlar davomida energiya yöqotiş manbalarini aniqlaş, energiya sarfiga taʼsir qiluvçi omillarni baholaş, elektr yuklamalarini maqbul taqsimlaş, energiya isteʼmolini prognozlaş, normadan taşqari energiya sarfini aniqlaş, uskunalar iş rejimini optimal boşqariş va energiya samaradorligini uzluksiz nazorat qiliş böyiça natijalar hisobiga sanoat korxonalarida energiya köp sarflanişining oldi olinadi.
— Bu izlanişlar kelgusida mamlakatimiz sanoatini energiya tejamkor va raqobatbardoş qilişda qanday örin tutadi?
— Olib borilayotgan ilmiy izlanişlar kelgusida mamlakatimiz sanoat tarmoqlarini energiya tejamkor, yuqori texnologik va xalqaro bozorda raqobatbardoş tizimga aylantirişda muhim örin tutadi. Bugungi kunda sanoat korxonalarida elektr energiyasi va boşqa energiya resurslariga bölgan talabning ortib borişi, işlab çiqariş xarajatlarining yuqoriligi hamda energetik resurslardan foydalanişdagi yöqotişlar energiya samaradorligini oşirişga qaratilgan ilmiy-texnik yeçimlarni işlab çiqişni taqozo etmoqda.
Energiya samaradorligi böyiça ilmiy izlanişlar mamlakat sanoatining uzoq muddatli raqobatbardoşligini taʼminlaşda tizim şakllantiruvçi ahamiyatga ega. Bunda strategik rejalaştirişning ilmiy asosi sifatida 2026–2030-yillarga möljallangan “Energiya samaradorligini oşiriş milliy strategiyasi” loyihasi işlab çiqilgan. Undagi maqsadli körsatkiçlar 2030-yilgaça energiya sarfini kamida 20 foizga qisqartiriş tarmoqlar kesimidagi energiya balansi, tejaş salohiyati va çora-tadbirlar samaradorligini ilmiy baholaşni talab qiladi.
Ilmiy natijalarni amaliyotga keng joriy etişning asosiy şarti malakali kadrlardir. Yirik korxonalarda energetik menejer lavozimini joriy etiş, energoauditorlar va energetik muhandislarni tayyorlaşda real korxona maʼlumotlariga asoslangan amaliy maşğulotlar va virtual laboratoriyalardan foydalaniş muhim. Taʼlim, fan va işlab çiqariş integratsiyasi mustahkamlangan taqdirdagina ilmiy işlanmalar laboratoriya doirasida qolib ketmasdan, korxonalarda real iqtisodiy samara bera boşlaydi.
Bundan taşqari, “yaşil” energetikaga ötiş şaroitida tizim barqarorligi 2030-yilga borib qayta tiklanuvçi energiya manbalarining elektr işlab çiqarişdagi uluşini 50 foizdan oşiriş rejalaştirilgan.
ÖzA muxbiri
Nigora Rahmonova suhbatlaşdi.