1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida mamlakatimiz ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida soha rivoji, galdagi vazifalarga bag‘ishlangan anjumanlar, ma’rifiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.
Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan tashkil etilgan “San’atshunoslik va madaniyatshunoslikning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman ham san’at ta’limi yo‘nalishida istiqboldagi vazifalarni belgilab olishda alohida ahamiyat kasb etgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Mazkur xalqaro anjumanda yurtimiz ijodkor ziyolilari, san’at sohasidagi oliy ta’lim pedagoglari, olimlari bilan birga Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan mutaxassislar, olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, san’atshunoslik fanlari doktori Nodirbek Sayfullayev, san’atshunoslik fanlari doktori Omonulla Rizayev va boshqalar mamlakatimizda milliy san’atimiz va madaniyatimizni ravnaq toptirish, ijod ahlini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida ekanini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 20 yanvarda qabul qilingan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilashda, soha tashkilotlari faoliyatini tartibga solishda, ijodkorlarni moddiy va ma’naviy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida milliy san’atimiz va madaniyatimiz ravnaqiga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Teatr, kinematografiya, xoreografiya va boshqa yo‘nalishlar jadal rivojlanishi yo‘lida muhim dasturlar qabul qilinib, hayotga faol joriy etilmoqda. Mamlakatimizda baxshichilik, maqom, “Lazgi” xalqaro festivallari an’anaviy o‘tkazilmoqda. Jahonning turli davlatlarida katta muvaffaqiyat bilan tashkil etilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari davomida o‘zbek san’ati tobora ko‘ppoq dovrug‘ topmoqda, yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti soha uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yirik va yetakchi oliy o‘quv dargohi sanaladi. Mazkur oliygohda tahsil olgan bitiruvchilar bugungi kunda san’atning turli yo‘nalishlari, teatr jamoalari, kinostudiyalar, bir qator ijodiy jamoalarda samarali mehnat qilmoqda.
[gallery-25504]
Anjumanda san’atshunoslik va madaniyatshunoslik sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash hammda madaniy meros va san’at sohasi rivojida ilmiy asoslangan nazariy xulosalar atroflicha muhokama etildi. O‘zbekiston va jahon san’atshunoslik, madaniyatshunoslik sohasidagi an’ana va zamonaviy tendensiyalarni o‘rganish, targ‘ib etish va amaliyotga joriy etish, ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanish kabi mavzularga asosiy e’tibor qaratildi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjuman soha rivoji, bu boradagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga doir yangi istiqbollarni belgilab olishda o‘ziga xos ma’rifiy platforma vazifasini bajargani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov(suratlar), O‘zA