San’at va madaniyat ta’limini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev boshchiligida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda, vazirlikning markaziy apparati vakillari, institutning prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari hamda kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda san’at va madaniyat sohasini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy madaniy merosni asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni samarali amalga oshirish, oliy ta’lim tizimida xalqaro standartlarni joriy etish, ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, dual ta’lim tizimini rivojlantirish va yoshlarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash dolzarb vazifalar ekani qayd etildi.

Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘i bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori vazifasini vaqtincha bajarish O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sobir Madiyev zimmasiga yuklatilgani ma’lum qilindi.

Institutda ta’lim sifati, ijro intizomi, qabul jarayonlari, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik hamda yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida institut jamoasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayevni yangi mas’uliyatli lavozimi bilan samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
N.Usmonova, O‘zA