Samarqandda tugʻilib, yetuklikka erishgan allomani bugun butun dunyo oʻrganmoqda
Maʼlumotlarga koʻra, maqbara joylashgan Chokardiza qabristoni hududi 20 gektarga yaqin boʻlgan
Maʼlumki, joriy yil 3-5-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkaziladi. Kalom ilmi sultoni tavalludining 1150-yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan ushbu nufuzli anjumanga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Jumladan, Samarqand shahridagi qadimiy Chokardiza qabristonida barpo etilgan Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasida taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridan yirik moturidiyshunos ulamolar, nufuzli taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etishi kutilayotgan anjuman maqbara ziyorati bilan boshlanishi koʻzda tutilgan.
-Moturidiy Samarqandda tugʻilib, shu yerda oʻqib, oʻrganib, oʻz yurtidan chetga chiqmay shunday yetuklikka erishgan, — deydi Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi rahbari yordamchisi Saidazimxon Habibov. – Buyuk muhaddis Imom Buxoriy vafot etishi bilan Samarqandda yana bir islom dini ulamosining dunyoga kelishi ham bejiz boʻlmasa kerak. Shu bois, bugun dunyoda 70-75 foiz musulmonlar Imom Abu Mansur Moturidiy taʼlimotiga amal qiladi. Oʻsha davrda dinimizda turli oqimlar, aqidalar avj oladi. Moturidiy islom dinining asl mohiyatini, toʻgʻri amallarini yaratgan. Shuning uchun ham islom olamida bu buyuk zotni oʻrganishga qiziqish juda yuqori. Bizning maqbarada ham ushbu jihatlar inobatga olingan holda, nufuzli anjumanga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Ayni paytda “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan maqbara taʼmirlanmoqda. Tez kunlarda belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq maqbara hududini obodonlashtirish, shahar markazidan maqbaraga olib keluvchi yoʻllarni taʼmirlash ishlari ham amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, maqbara joylashgan Chokardiza qabristoni hududi 20 gektarga yaqin boʻlgan. Taxminan bu yerda 1 million 444 ming olimu ulamo qabri boʻlgan. Ularning 400 tasi Muhammad ismli mujtahidlardir.