Samarqand zaminidagi jumboq: Ulug‘bek rasadxonasi qanday topilgan?
XV asr dunyo ilm-fani tarixida Samarqand zaminida Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq beqiyos yuksalish davri sifatida muhrlangan. Uning rahnamoligida bunyod etilgan rasadxona nafaqat o‘z davrining eng ilg‘or ilmiy muassasasi, balki keyingi asrlar olimlari uchun ham dasturilamal vazifasini o‘tagan tengsiz bir majmua edi.
Biroq, tarixning achchiq taqozosi bilan ushbu ilm-fan qasri vayron bo‘lib, uning aniq joylashgan o‘rni yuz yillar davomida tarixchilar va olimlar uchun eng katta jumboqlardan biriga aylandi. Bu jumboqning yechimi XX asr boshlaridagi ilmiy muhit, o‘sha davr olimlarining mehnati va tarixiy manbalarga asoslangan izlanishlar samarasi o‘laroq topildi. Bu jarayon shunchaki bir arxeologik topilmani emas, balki ilmiy tafakkurning tarixiy xotira ustidan qozongan buyuk g‘alabasini namoyon etadi.
Ulug‘bek rasadxonasining taqdiri uning asoschisi fojiali halok bo‘lganidan so‘ng ayanchli tus oldi. Samarqanddagi siyosiy beqarorlik va ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning susayishi natijasida rasadxona asta-sekin xarobazorga aylandi. Asrlar o‘tishi bilan uning g‘ishtlari aholi tomonidan tashib ketilib, yer bilan bitta bo‘ldi va buyuk ilmiy markazning aniq o‘rni xalq xotirasidan ham o‘chib ketdi. XX asr boshlariga kelib, Turkiston o‘lkasida faoliyat yuritgan rus sharqshunoslari va milliy ziyolilar orasida rasadxonani topishga bo‘lgan qiziqish qaytadan avj oldi. Uning joylashuvi haqida turli taxminlar va farazlar ilgari surildi. Ayrimlar uni Samarqandning qadimiy qismida, boshqalar esa shahar tashqarisidagi tepaliklarda joylashgan deb hisoblardi. Ammo bu farazlarning hech birida aniq ilmiy asos va ishonchli dalillar mavjud emasdi.
Bu boradagi tub burilish mashhur sharqshunos va arxeolog Vasiliy Vyatkin nomi bilan bog‘liqdir. U nafaqat fidoyi olim, balki tarixiy manbalar bilan ishlash bo‘yicha ham usta edi. Vyatkin rasadxonaning joylashuvi haqidagi savolga javobni arxeologik qazishmalardan emas, balki qadimiy qo‘lyozmalarni sinchkovlik bilan o‘rganishdan izlashga qaror qildi. Uning diqqatini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari va yana bir muhim tarixiy bitik – Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asaridagi ma’lumotlar tortdi. Ushbu manbalarda rasadxonaning Ko‘hak tepaligi yaqinida, Obirahmat arig‘idan o‘tgan yo‘lning bo‘yida joylashganiga ishoralar bor edi.
Tarixchi Feruza Shomukaramovaning qayd etishicha, Vyatkin bu ma’lumotlarni oddiy tavsif sifatida emas, balki aniq topografik ko‘rsatma sifatida qabul qildi. U 1908-yilda shu ma’lumotlarga tayanib, Samarqand atrofidagi hududni o‘rganishni boshladi va nihoyat, tarixiy tavsiflarga mos keladigan joyni aniqladi. Ushbu hududda dastlabki qazishmalar olib borilganda, yer ostidan murakkab shakldagi poydevor va ulkan asbobning marmardan yasalgan, yer ostiga kirib ketgan ulkan yoyi namoyon bo‘ldi. Bu Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining asosiy kuzatuv asbobi – ulkan kvadrant (yoki sekstant) qoldiqlari edi.
Kashfiyot butun dunyo ilmiy jamoatchiligini hayratga soldi. Vyatkinning ilmiy bashorati va manbalar bilan ishlashdagi noyob uslubi o‘z tasdig‘ini topdi. Biroq, kashfiyotdan keyingi davr ham ziddiyatli va murakkab kechdi. Rasadxona qoldiqlarining kelgusi taqdiri borasida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi. Bir guruh olimlar uni asl holida saqlash, ya’ni konservatsiya qilish tarafdori bo‘lsa, boshqalari uni qayta tiklash, ya’ni rekonstruksiya qilish g‘oyasini ilgari surdi. Bu bahslar o‘sha davr ilmiy va madaniy muhitining o‘ziga xos in’ikosi edi. Ayniqsa, taniqli olim va me’mor M.Bulatov rasadxonani qayta tiklashning ashaddiy tarafdori sifatida maydonga chiqdi. U o‘z maqolalarida: “...Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi butun ... Vatanimizning faxri, o‘zbek xalqining noyob ijod mahsuli emasmi? U, shubhasiz, jahon ahamiyatiga molik yodgorlikdir. Unda nega uni qayta tiklamaslik kerak?” – deya xitob qilgan edi. Uning bu chiqishlari jamoatchilik orasida katta aks-sado berdi. Natijada, rasadxona atrofida muzey tashkil etish va uning tarixini keng ommalashtirishga qaror qilindi.
Vasiliy Vyatkinning kashfiyoti Ulug‘bek va uning ilmiy maktabini o‘rganishda yangi sahifa ochdi. Bu kashfiyot nafaqat yo‘qolgan bir binoning topilishi, balki asrlar davomida uzilib qolgan tarixiy xotirani tiklash yo‘lidagi dadil qadam bo‘ldi. Bu voqea shundan dalolat beradiki, tarixiy manbalarni chuqur ilmiy yondashuv asosida puxta o‘rganish har qanday murakkab tarixiy jumboqni yechishga, o‘tmishning eng yorqin sahifalarini qayta kashf etishga imkon beradi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA