Boku shahrida “Space Technology Conference-2025” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mintaqalaridagi 35 mamlakatning 400 nafardan ziyod eksperti, shuningdek kosmik tarmoq bo‘yicha 130 kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda, jumladan, “O‘zbekkosmos” mutaxassislari maxsus taqdimot bilan qatnashib, qatnashchilarni yurtimizda olib borilayotgan fazoviy tadqiqotlar hamda yangi loyihalar bilan yaqindan tanishtirdi.
Qayd etish joiz, mazkur muloqot maydoni samoviy tadqiqot va texnologiya bozori rivojlanish tendensiyasini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro bilim va tajriba almashish, sun’iy yo‘ldosh imkoniyatidan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida samarali foydalanish, sohaga yangi innovatsiya va loyihalarni joriy qilish kabi global, kosmos sanoati bilan bog‘liq trenddagi mavzular ko‘rib chiqilgani bilan ahamiyatli.
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Kosmik soha bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Ibrohimov anjumanda turkiy davlatlar bilan birga ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

– Bu sohada bir qator davlatlar, jumladan Xitoy va Qozog‘iston bilan hamkorlik jarayoniga alohida ta’kidlamoqchiman, – deydi mutaxassis. – Ozarbayjon bilan kosmik texnologiyalar sohasida faol ishlayapmiz. Ayni payt respublikamizning sohadagi sheriklari soni 30 dan oshdi. Yaqin kelajakda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2 foizi koinotni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi.
Xususan, ta’lim, integratsiya va inson resursini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2028 yil ko‘hna kent Samarqandda kosmonavtika bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish, Turkiya bilan ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratish rejalashtirilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA