"IAC-2028": Samarqand jahon kosmik hamjamiyatini kutib olishga tayyorlanmoqda
Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC-2026) doirasida O‘zbekistonning 2028-yildagi nufuzli xalqaro anjumanga tayyorgarligi haqida taqdimot o‘tkazildi.
«O‘zbekkosmos» agentligi direktor o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov o‘z taqdimotida “IAC-2028” kongressini Samarqandda yuqori saviyada tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tashkiliy chora-tadbirlar, xalqaro hamkorlik va kongressni jahon kosmik hamjamiyatiga keng tanitish rejalari haqida ma’lumot berdi.

Taqdimotda bo‘lajak kongressning yangi vizual qiyofasi, buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning boy ilmiy merosiga asoslangan ramziy konsepsiyasi hamda Samarqandni xalqaro kosmik muloqot markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan tashabbuslar alohida o‘rin egalladi.

“IAC-2028” nafaqat yirik xalqaro ilmiy anjuman, balki O‘zbekistonning kosmik sohadagi salohiyatini jahonga namoyon etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat.
N.Rahmonova,
O‘zA