Samarqand 2001-2003: Mustaqillikka ishonch uyg‘otgan yillar...
Istiqlolimizning 35 yoshi arafasidagi o‘ylar
Hurriyat haqiqatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga rahbar bo‘lgan davr ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi.
Og‘ir zamonlar edi. Odamlar qo‘rquv va kuch bilan ushlab turilardi. Viloyat hokimi bo‘lish jazolanish, ta’qib, ozodlikdan mahrum etilish bilan barobar edi.
Samarqand viloyatini boshqarish hamma zamonlarda o‘ta murakkab, ziddiyatli, qarama-qarshiliklardan iborat bo‘lgan.
Shavkat Mirziyoyevgacha va undan keyin to 2016-yilgacha biror-bir rahbar Samarqanddan yaxshi nom bilan ketmagan. “Samarqandcha sindirilish” iborasi behudaga paydo bo‘lmagan axir.
Qattol zamon. Kuch ishlatar tizimlar boshqaruvni qo‘lga olgan, qiyin kunlar edi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga o‘zi bilan birga qat’iy siyosiy iroda, kuchli boshqaruv, mas’uliyat, ishonch va umid, mehr va oqibatni olib kelgan edi.
Mustaqilikka 10 yil bo‘lishiga qaramasdan ahvol o‘ta nochor, aholi turmush darajasi past, iqtisod falaj. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat ham, odamlar ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi.
Buning oqibatida odamlarda ertangi kunga bo‘lgan ishonch so‘ngan, umid o‘lgandi. Birovlar hatto eski davrni qo‘msay boshlagandi. Mustaqillik degan muqaddas so‘zga nisbatan ishonchsizlik holatlari paydo bo‘lgandi.
Tasavvur qilib ko‘ring, mustaqillik degan nihol ekilganiga 10 yil bo‘lsa-da, na meva, na soya beradi. Lekin, odamlardan mehnat talab qilinardi. Mehnatning ortidan hech narsa kelmasdi.
O‘zbekiston Qahramoni, marhum Hasan Normurodov Samarqand davlat universiteti talabalari bilan uchrashuvda quyidagilarni aytgan edi:
- Shavkat Mirziyoyev Samarqandga rahbar bo‘lib kelgan yillarda mamlakat miqyosida yomon bir tendensiya mavjud edi. Bu ma’lum bir davrlarda, biror bir sohani boshqargan, mehnati singgan sobiq rahbarlarni jamiyatdan uzoqlashtirishdir. Buning natijasida qanchadan-qancha tajribali, bilimli, mahoratli insonlar chetga chiqib qolgandi. Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati ravnaqi yo‘lida barchaning boshini birlashtirdi. Bir maqsad atrofida jamladi. Samarqandda katta avlod tajribasi, yoshlar kuch-qudrati birlashtirildi. Yoshi ulug‘ insonlar maslahatiga amal qilindi. Buning natijasida ishlar yurishgandan yurishdi. Muqaddas qadamjolar, aziz-avliyolar, qabr-maqbaralari ta’mirlandi, obodonlashtirildi. Hali u paytlarda odamlar faqat ro‘zg‘or tashvishlari bilan band bo‘lgan bir davrda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Mehnat faxriylari, bemorlar, nogironlar holidan xabar olish tizimi ishga tushirildi. Mustaqillik e’lon qilingandan keyingi o‘tgan o‘n yil ichida birinchi marta samarqadliklarning ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. Yuzida tabassum yugurdi. Ro‘zg‘orlariga qut-baraka endi. Dehqon, ishchi-xizmatchining qaddi ko‘tarildi. O‘shanda bilganman, hammasi rahbarga bog‘liqligini. Shaxslar barchasini o‘zgartira olishiga ishonganman. Samarqandliklar o‘sha kunlarni ham Shavkat Mirziyoyevning mehr-e’tiborini ham hech qachon unutmaydi...
Tarixda birinchi marta Samarqand viloyati maktablariga, oliy o‘quv yurtlariga, shifoxonalariga, viloyat rahbari shaxsan bordi. Ha tashrif buyurgani yo‘q. Haqiqatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, vaziyatni o‘zgartirish uchun bordi.
Shavkat Mirziyoyev insonlar hayoti, taqdiri, salomatligi, o‘qishiday muhim masalani hech kimga ishonmasdi. O‘zi borib ko‘rib, xulosa chiqarardi, qaror qabul qilardi.
Mening nazarimda Samarqand viloyatiga rahbar bo‘lganlarni hech qaysi hududlarni Shavkat Mirziyoyevday bilmasa kerak. U bormagan biron bir qishloq, mahalla qolmagan.
Shavkat Mirziyoyev eng og‘ir hududlarni yaxshi bilar, birinchi e’tiborni o‘sha manzillarga qaratardi. U Qo‘shrabot yoki Urgut bo‘ladimi, Bulung‘ur yoki Paxtachimi, Nurobod... hammasi haqida batafsil ma’lumotga ega edi.
Shavkat Mirziyoyevning mashaqqatli mehnatlari evaziga 10 yil deganda odamlarning ko‘zlarida umid uchqunlari paydo bo‘lgandi. Ishonch tug‘ilgandi. Rahbarning shaxsi, salohiyati, nimalarga qodirligi bilan odamlar yuzma-yuz kelgandi.
Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga, Mehribonlik yoki Saxovat uyiga borgan rahbarni eshitganmisiz? Men ko‘rganman. Shavkat Mirziyoyev bu dargohlardagi ayanchli ahvolni shaxsan o‘zi bartaraf etgan. Og‘ir vaziyatdagi insonlarga qo‘l uzatgan.
Samarqanddagi manaman degan vallomatlar ham birinchi rahbarning ish uslubiga tan berishgan, hisoblashishgan.
Samarqand viloyati shifoxonalari hech qanday dastursiz, mablag‘siz ta’mirlanib 10 yil deganda birinchi marta tibbiy jihozlar, dori-darmonlar berilgan. Viloyatdagi bir qator binolar, shifoxonalar tasarrufiga o‘tkazilgan.
Hamza Hamroyev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-son ichki kasalliklar kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent:
- 2003-yilda men Kattaqo‘rg‘on tumani markaziy shifoxonasida davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari lavozimida ishlardim. Kattaqo‘rg‘onga Shavkat Mirziyoyev kelganligi haqidagi xabarni eshitdim. Bosh vrach mehnat ta’tilida bo‘lganligi uchun shifoxonaga kelgan viloyat rahbarini men kutib oldim. Sal kam yarim asrlik mehnat faoliyatim davomida borgan joyida birinchi bo‘lib, maktab bilan shifoxonani ko‘rgan boshqa rahbarni bilmayman. Muloqot davomida men u kishiga tuman markaziy shifoxonasining binosi qurilishi 20 yildan beri to‘xtab turganligini aytdim. Shavkat Mirziyoyev o‘sha joyning o‘zida muammoning yechimini topdi. Bugungi Kattaqo‘rg‘on tumani markaziy shifoxonasi binosi shu taqlid barpo etilgan edi. Ushbu uchrashuvdan keyin Shavkat Mirziyoyev menga ishonch bildirib, bosh vrachlik lavozimiga tayinladi. Shu o‘rinda yana bir haqiqatni aytib o‘tmoqchiman. 2001-yilgacha uch yuz mingga yaqin aholi yashaydigan Kattaqo‘rg‘on tumanida bitta eski EKG apparati bor edi. Bir kun ishlasa, uch kun ishlamasdi. Shavkat Mirziyoyev shifoxonamizning har bir bo‘limiga bittadan EKG apparati olib berdi. Hatto, 20 ta qishloq vrachlik punktlari ham EKG bilan ta’minlandi. Shifoxonada birgina narkoz apparati bo‘lib, u ham allaqachon ishlash muddatini o‘tab bo‘lgan edi. U yangisiga almashtirildi. Tumandagi bir qator binolar sog‘likni saqlash bo‘limiga olib berildi. Tibbiyotdagi islohotlar ham birinchi Samarqand viloyatidan boshlanganligini alohida ta’kidlashni istayman…
Maktablar o‘sha davrning eng og‘riqli nuqtalari bo‘lgan. 1991-yildan boshlab maktab ta’miriga davlat tomonidan hech qanday mablag‘ ajratilmagan. Ota-onalar esa o‘zining ro‘zg‘oridan ortmasdi. Maktablar eng qarovsiz, keraksiz binolarga aylanib borardi.
Lyudmila Shulga, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, "Do‘stlik" ordeni sohibi:
- Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga rahbarlik qilganida men Payariq tumanidagi 6-son maktab direktori lavozimida ishlaganman. Men 60 yillik o‘qituvchilik faoliyatim davomida ta’lim-tarbiya sohasiga Shavkat Mirziyoyev darajasida e’tibor bergan rahbarni ko‘rmaganman. O‘shanda maktablarimiz xaroba ahvolga kelgandi. O‘qituvchilar, muallimlik kasbini tashlab keta boshlagandi. Shavkat Mirziyoyev o‘shanda men ishlagan maktabga kelib, uzoq suhbatlashgan. Ta’limdagi muammolar yechimi haqida meni fikrlarim bilan qiziqqan. Muammolarni chuqur o‘rgangan, tahlil qilgan. Maktabimiz 860 o‘ringa mo‘ljallanganini, lekin 2000 dan ziyod o‘quvchi tahsil olayotganini aytganimda, yonimizdagi harbiy komissariyatni boshqa joyga ko‘chirib, uning binosini maktabga olib bergandi. Homiylar topib, qo‘shimcha bino ta’mirlangandi. Maktabga, muallimga e’tibor, g‘amxo‘rlik Samarqanddan boshlangan edi, deyishga to‘la asoslarim bor...
“Tomi ketgan” degan ibora bor. Maktablarning tomlari tamom bo‘lgan, yog‘ingarchilik paytida tomchi o‘tishi odatiy holga aylangandi. Aniq bilaman, Shavkat Mirziyoyevning ma’naviy jasorati tufayli viloyatdagi 1000 ga yaqin maktablarning tomi qaytadan yopilgan.
Tarixda birinchi marta maktablarga yangi mebellar, kompyuter texnologiyalari kirib bordi. Shavkat Mirziyoyev mingga yaqin maktablarning asosiy qismini shaxsan o‘zi borib ko‘rib, zudlik bilan chora-tadbirlar belgiladi. Eng muhimi, buning uchun mablag‘ning o‘zi bo‘lmagan.
Mening nazarimda Shavkat Mirziyoyev uchun eng yaqin insonlar, o‘qituvchi, shifokor, olimlar bo‘lgan. O‘shanda men Shavkat Mirziyoyevning maktab o‘quvchilari, talabalar, shifokorlarni paxta qulligidan qutqazish kerakligi haqidagi gaplarini eshitib, to‘g‘risi ishonmaganman.
Paxta qulligi zulmidan xalqimiz hech qachon qutulmaydi deb o‘ylardim. Ishonavering u davrlarda bu gapni aytish uyoqda tursin, eshitishga qo‘rqardi kishi.
Viloyat rahbarini oliy o‘quv yurtiga kelishi, olimlar bilan shaxsan muloqot qilishi, ular bilan maslahatlashishi, fikrlashishini ham Shavkat Mirziyoyev timoslida birinchi marta ko‘rganman.
Shavkat Mirziyoyev ilm-fan namoyandalaridan yordam, taklif va mulohazalar so‘rardi. Ularning fiklarini inobatga olardi, qo‘llab-quvvatlardi.
Samarqand davlat universitetiga eng ko‘p kelgan rahbar ham, qo‘shimcha binolar ajratgan ham, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan ham Shavkat Mirziyoyevdir.
Shavkat Mirziyoyev akademik Botirxon Valixo‘jayevni juda qadrlardi, hurmat qilardi. Domla Universitet xiyobonidan Registondagi uyiga piyoda ketayotganida Shavkat Mirziyoyev bir necha marta xizmat mashinasidan tushib olim bilan muloqot qilgan. Botirxon Valixo‘jayevga vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berilishi tashabbuskori ham Shavkat Mirziyoyev bo‘lgan. Bu mehr-e’tibor olim olamdan o‘tgandan keyin ham uning oilasiga ko‘p bor ko‘rsatilib kelinmoqda.
Xadicha Vafoyeva, mehnat faxriysi:
- Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida ishlagan kezlarda mening turmush o‘rtog‘im, marhum Botirxon Valixo‘jayev bilan maslahatlashar, suhbat qurar, juda hurmat qilardi. Hayotlik vaqtlarida ko‘p g‘amxo‘rliklar ko‘rdik. Eng muhimi, bu e’tibor domla dunyodan o‘tganidan keyin ham davom etmoqda. Ma’naviy va moddiy ko‘mak uchun Prezident Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Bir voqeani eslagim keldi. 2017-yilda Samarqand shahrida tramvay yo‘lining ochilish tadbiriga meni ham taklif qilishdi. Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdim. Ushbu muloqot davomida ham mamlakatimiz rahbari domlani esladi. Oilamiz, yashash sharoitimiz bilan qiziqdi. Ertasi kuni viloyat mutasaddilari Prezident sovg‘asi bo‘lgan mashinani menga topshirishdi. Mana inson qadri, marhum ziyoli olimning oilasiga hurmat. Qolaversa, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan viloyat va shahar hokimlari mening va farzandlarim holidan doimo xabardor bo‘lib turishadi, domlani xotirlab kelishadi. Buning uchun minnatdorman.
Shavkat Mirziyoyevning yonida O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi Nurmamat Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Ibrohim Raupov, taniqli sog‘liqni saqlash tashkilotchisi Shodiyor Begimqulov... kabi ziyolilar doimo bo‘lgan.
Nargiza Abdullayeva, Samarqand davlat tibbiyot universiteti davolash ishlari bo‘yicha prorektori, 1-klinika bosh vrachi, tibbiyot fanlari doktori, professor:
- Mening otam Nurmamat Abdullayev 1993-2019-yillarda Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-klinikasi bosh vrachi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida rahbar bo‘lgan yillarda otamni ham shifokor, ham olim, ham inson sifatida juda qadrlagan. Klinika moddiy texnik bazasini yaxshilashga ko‘maklashgan. Otam tibbiyot xodimiga bunday g‘amxo‘rlik qilgan rahbarni ko‘rmaganman, deb aytardi. U kishini mehridan quvvat olardi. Shavkat Mirziyoyev otamga to umrining oxirigacha ehtirom ko‘rsatdi, e’zozladi. Otamga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni berilishida ham Shavkat Mirziyoyevning xizmati katta. O‘zbekistonda bugun inson hayotligida ham, olamdan o‘tganidan so‘ng ham eslanadi, xizmatlari e’tirof etiladi...
Shavkat Mirziyoyev samarqandliklar qalbida ma’rifatparvar, ma’naviyati yuksak rahbar sifatida namoyon bo‘ladi. U kishi viloyatning olim-u ulamolariga, shoir va adiblariga, jurnalistlariga, san’at ahliga nihoyatda e’tiborli bo‘lgan.
Samarqandga Shavkat Mirziyoyev bilan birga yakdillik, ahillik, hamjihatlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari kirib kelgan edi.
Shavkat Mirziyoyev sobiq tuzim, mustaqillik davrida chala qolgan, qurilmay tashlab qo‘yilgan shifoxona, maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘ladimi, barchasining qurilishi uchun mablag‘ topib, bitkazib xalqimiz ixtiyoriga topshirgan edi.
Buyuk mutafakkir Abdurauf Fitrat to‘g‘ri ta’kidlaganidek: “Millat uchun nondan so‘ng eng muhimi maktabdir.” Buyuk jadid maktabni behudaga nondan keyingi o‘ringa qo‘ymagan.
2001-yilgacha 3-4 yil Samarqand viloyatida qirg‘oqchilik bo‘lgan. Buning oqibatida chorasiz qolgan rahbarlar. Maktab o‘quvchilariga “g‘alla solig‘i” solishgandi. 1-sinflar 1 kg., 2-sinflar 2 kg. bug‘doy olib kelib, davlatga topshirgan.
2001-yil seryog‘in bo‘lib, dehqonchilik baroridan keldi.
Shavkat Mirziyoyev tarixda birinchi marta rejadan tashqari bo‘lgan g‘allani fermerning o‘ziga berdi. Odamlarning uyi g‘allaga to‘ldi. Odamlarda davlat va mustaqillika bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. “G‘alla solig‘i” degan mudhish tarixlar ham unutildi. Ayniqsa, qishloq aholisining hayot darajasi oshdi.
Samarqand viloyati paxta, g‘alla yetishtirish rejasini mamlakatda birinchilardan bo‘lib uddaladi. Hech kimga sir emaski, o‘sha paytda iqtisod aynan qishloq xo‘jaligiga bog‘langandi. Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida, tuman markazlarida bir qator inshootlarni barpo etdi. To‘g‘risni aytganda, o‘shanda yangi binolar qurilishi odamlarning tushiga ham kirib chiqmasdi. Hamma qorin g‘amida edi.
Men 1991-yildan keyin, 2001-yilga kelib odamlarning qalbida shijoat, uyg‘onganiga guvoh bo‘lganman.
Mustaqillikday muqaddas tuyg‘u taqdiri noma’lum bo‘lib turgan yillarda mustaqillikka ishonch uyg‘otgan shaxs, Yangi O‘zbekiston me’mori Shavkat Mirziyoyevga samarqandliklarning alohida mehrini, muhabbatini aytgim keladi.
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga 2 yilu, 3 oy, 6 kun rahbarlik qildi. Tarix uchun bu davr nihoyatda qisqa. Imonim komilki, mana shu vaqt ichida Shavkat Mirziyoyev o‘zi uchun 1 kun ham yashagani yo‘q.
Shavkat Mirziyoyev o‘shanda butun hayotini, yoshlik, kuch qudratini Samarqandga, samarqandliklarga baxshida etgan edi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.