Maktab kutubxonalari yangi adabiyotlar bilan boyitildi
Yangi o‘quv yili arafasida Sayxunobod tumanida ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy muhitini yanada boyitish, o‘quvchilarni kitobxonlikka keng jalb etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada tumandagi 1- va 2-sonli umumta’lim maktablari kutubxonalariga 350 turdagi yangi badiiy adabiyotlar topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi Komiljon Mullajanov va tuman prokurori Bekmurod Qurbonov ishtirok etdi. Unda maktab kutubxonalari fondlarini yangi adabiyotlar bilan boyitish o‘quvchilarning mutolaa imkoniyatlarini kengaytirish, bilim va dunyoqarashini yuksaltirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yili oldidan tuman hokimi va tuman prokurori tashabbusi bilan maktab kutubxonalariga topshirilgan kitoblar orasida jadid bobolarimiz merosi, o‘zbek adabiyoti namoyandalarining sara asarlari, shuningdek, jahon adabiyotining mashhur vakillari qalamiga mansub nodir asarlar o‘rin olgan.
[gallery-31162]
Mazkur adabiyotlar o‘quvchilarning qiziqish va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mutolaa doirasini kengaytirish, ularni milliy va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, maktab kutubxonasida yangi kitoblarning ko‘payishi o‘quvchilarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va mustaqil izlanishlarini rag‘batlantirishda muhim ahamiyatga ega. Kitobxonlik muhiti qanchalik boy bo‘lsa, yoshlarning bilim olish va yangi narsalarni o‘rganishga bo‘lgan intilishi ham shunchalik ortadi.
— Kitob — bitmas-tuganmas xazina. Qancha ko‘p kitob o‘qisangiz, bilimingiz va dunyoqarashingiz shuncha kengayadi. Yangi kitoblarning maktabimiz kutubxonasiga keltirilganidan juda xursand bo‘ldim. Endi biz nafaqat darslarda olgan bilimlarimizni mustahkamlaymiz, balki qiziqqan sohalarimiz bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar olish, yangi asarlar orqali turli davr va xalqlar hayoti bilan tanishish imkoniga ega bo‘lamiz, — deydi maktab o‘quvchisi Sevinch Ibragimova.
Darhaqiqat, bugun ta’lim sifati haqida so‘z ketganda, maktabning moddiy-texnik imkoniyatlari bilan bir qatorda, uning ma’naviy muhiti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada kutubxona o‘quvchining bilim olishi, mustaqil izlanishi, dunyoqarashini kengaytirishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun muhim maskan hisoblanadi.
Shu ma’noda, maktab kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan boyitish — shunchaki kitob fondini to‘ldirish emas. Bu o‘quvchilarni mutolaaga keng jalb etish, ularda kitobga mehr uyg‘otish, ma’naviy ehtiyojini shakllantirish va kelajak avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim amaliy qadamdir. Bunday e’tibor va tashabbusning samarasi esa, shubhasiz, kelgusida o‘z natijasini beradi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA