Safarbarlikka chaqirilgan fuqarolarning kredit to‘lovlari kechiktiriladi
Mamlakatimizda harbiy xavfsizlikni ta’minlash, mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasidagi munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soladi.
Parlament quyi palatasi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilingan ushbu loyihada safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy maqsadlari, prinsiplari va ustuvor yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Ta’kidlanganidek, loyihada davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari va majburiyatlari aniq nazarda tutilyapti. Hujjatda “safarbarlik tayyorgarligi” va “safarbarlik” tushunchalari ilk bor aniq va kompleks huquqiy mazmunda o‘z aksini topmoqda.
Shu bilan birga, umumiy yoki qisman safarbarlikni e’lon qilishning aniq huquqiy mexanizmlari, davlat organlari va tashkilotlarning vazifalari, iqtisodiyot tarmoqlarini urush davri sharoitida ishlashga o‘tkazish tartibi belgilab berilmoqda. Xususan, davlat va aholining ehtiyojlarini uzluksiz ta’minlash maqsadida oziq-ovqat, yoqilg‘i, tibbiy xizmat, transport, aloqa kabi muhim tizimlarning barqaror faoliyatini ta’minlash choralari nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolar uchun ish joyini saqlab qolish, kredit to‘lovlarini kechiktirish, yetkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar ham mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA