Onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kreditni undirish to‘xtatiladi
Adliya vazirligi hamda Markaziy bank hamkorligida qabul qilingan “Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizom” davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qabul qilingan mazkur nizom bilan kredit tashkilotlari onlayn kreditlar bilan bog‘liq frod (firibgarlik) holatlarini kamaytirish va himoyani kuchaytirish bo‘yicha yangi huquqiy mexanizmlar joriy etildi.
Bunda asosiy o‘zgartirishlar quyidagilardan iborat:
Fuqaroga firibgarlik yo‘li bilan onlayn kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa kredit tashkiloti bu kredit bo‘yicha asoslanmagan majburiyatni hisoblashni to‘xtatadi. Nomiga rasman onlayn kredit berilgan shaxs faqat surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimiga asosan “jabrlanuvchi” deb e’tirof etilsa, o‘ndirish ham to‘xtatiladi.
Onlayn kreditlar orqali firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida bir necha marotaba rasmiy ma’lumotlar e’lon qilingan. 2024 yil davomida kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq firibgarliklar soni 42 foizga oshgani ma’lum qilingan va 463 ta holatda qariyb 15 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgani qayd etilgan.
Agar onlayn kredit faqat firibgarlik natijasida berilgani sud yoki tergov ma’lumotlari bilan tasdiqlanmasa, kreditning foizlarini va asosiy qarzni o‘ndirish davom ettiriladi.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlari frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega. Shuningdek, agar fuqaro tergov yoki sud qaroridan ko‘zda tutilgan tartibda firibgarlik holati sifatida tan olinmasa, kredit tashkilotlari onlayn kredit hamda u bilan bog‘liq foizlarni hisoblash va undirishni davom ettiradi.
Kredit tashkiloti onlayn kredit ajratish jarayonida frod sodir etgan shaxsdan regress tartibida yetkazilgan moddiy zararni undirishi mumkin. Bu degani, firibgarlikni isbotlash orqali kredit tashkiloti zararni amalga oshirgan shaxsdan talab qilish imkoniyatiga ega.
2025 yil jarima qo‘llash va antifrod choralari natijasida banklar tomonidan salkam 347 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ onlayn kreditlardan firibgarlar ta’sirida olinishining oldi olindi, kredit tashkilotlari hisoblariga qaytarildi.
2025 yil iyun oyidan e’tiboran fuqarolarning murojaati bilan maxsus kreditni olishni to‘suvchi ro‘yxat joriy etildi. Ushbu xizmat orqali shaxslar o‘z nomlari bo‘yicha kreditlarni faqat o‘z roziligi bilan olish imkoniyatini cheklashlari mumkin.
Bu xizmat bepul bo‘lib, kredit byurosiga ariza topshirish orqali yoki my.gov.uz portali orqali foydalanish mumkin. Yangilangan qonunchilik fuqarolarni onlayn kreditlar orqali sodir etilayotgan firibgarliklardan himoya qilishni yanada kuchaytirdi. Agar fuqaro o‘z nomiga firibgarlar tomonidan kredit olinganini dalillay olsa, kredit va uning foizlari bo‘yicha majburiyatlar bartaraf etiladi.
Shu bilan birga, axborot xavfsizligi va frodni aniqlash bo‘yicha yangi nizom moliyaviy xizmatlar bozorida shaffoflik va xavfsizlikni oshirishga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA