Bangladesh terma jamoasiga qarshi bahsda ham mag‘lub bo‘ldik
2027-yil Xitoyda bo‘lib o‘tadigan 17 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati final bosqichi uchun saralash bahslari davom etmoqda.
Mahliyo Sarikova boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 qizlar terma jamoasi ham mazkur saralash bahslarida ishtirok etmoqda.
Qizlarimiz dastlabki turda Filippin terma jamoasiga qarshi bahs olib borib, mag‘lubiyatga uchragan edi. Saralashning ikkinchi turida vakillarimiz Bangladesh terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridayoq raqib jamoa hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim yakuniga qadar terma jamoamiz vakillari hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Tanaffusdan keyingi harakatlarda ham qizlarimiz raqib darvozasi tomon bir qator hujumlar uyushtirdi. Biroq yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanilmadi.
[gallery-31841]
Uchrashuvning yakuniy qismida Bangladesh terma jamoasi yana bir bor darvozamizni ishg‘ol qildi. Natijada bahs 2:1 hisobida raqiblar foydasiga yakunlandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-17 qizlar terma jamoasi saralash bosqichidagi ikkinchi uchrashuvida ham mag‘lubiyatga uchradi.
Saralash bahslari 11-oktabrga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA