Rustam Rahimov: Suv tejalsa, iqtisodiyot ham, ekologiya ham yaxshilanadi
Suv resurslarini asrash va ulardan oqilona foydalanish bugun nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligi va ekologik muvozanatini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va suvga bo‘lgan talabning ortishi sharoitida har bir tomchi suvning qadri yanada oshib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Rahimov bilan suhbatimiz suv resurslarini asrash, ulardan samarali foydalanish, hisobini yuritish va isrofgarchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.

– Bugungi kunda suvdan oqilona foydalanish masalasi nega har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda?
– Bugun butun dunyo suv resurslari bilan bog‘liq jiddiy sinovlarga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi natijasida qurg‘oqchilik davrlari uzaymoqda. Suv zaxiralari qisqarmoqda va suv resurslariga bo‘lgan bosim ortib bormoqda. Shu bilan birga, aholi sonining o‘sishi, qishloq xo‘jaligi va sanoatning kengayishi suvga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiryapti.
O‘zbekistonda ham suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalar hisobiga shakllanadi. Shu bois, suvning har bir kub metri strategik ahamiyatga ega. Suvdan oqilona va samarali foydalanish bugun faqat iqtisodiy masala emas. Bu mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorligi va kelajak avlodlar manfaatlarini ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun har bir suv iste’molchisi suvdan belgilangan tartib va limitlar asosida foydalanishi, uning har bir tomchisini ehtiyotkorlik bilan sarflashi zarur.
– Siz “Suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holati - favqulodda holat” degan tamoyilni ilgari suryapsiz. Bu fikrni qanday izohlaysiz?
– Ayrim hollarda zovurga tashlab yuborilgan suvga oddiy texnologik holat sifatida qaraladi. Aslida esa bu suv resurslarini boshqarish tizimidagi jiddiy muammo hisoblanadi. Zovurga tashlangan har bir kub metr suv boshqa hududdagi ekin maydonlariga yetib bormagan suvdir.
Bu holat suv taqsimoti rejalarining buzilishiga, nasos stansiyalarining ortiqcha ishlashi va elektr energiyasi sarfining ko‘payishiga olib keladi. Davlat mablag‘lari hisobidan yetkazib berilgan suvning samaradorligi pasayadi, suv tanqisligi sharoitida boshqa suv iste’molchilarining qonuniy huquqlari cheklanadi. Qolaversa, ortiqcha suv yerlarning meliorativ holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ikkilamchi sho‘rlanish xavfini kuchaytiradi.
Shuning uchun biz suvni zovurga tashlab yuborishning har bir holatini oddiy kamchilik emas, balki favqulodda holat sifatida baholashimiz kerak. Bu tamoyil har bir suvdan foydalanuvchi uchun kundalik faoliyat qoidasiga aylanishi lozim.
– Inspeksiya mazkur yo‘nalishda qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda?
– Inspeksiyaning asosiy vazifasi suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, suv isrofining oldini olish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsiz ekspluatatsiya qilinishini nazorat qilish hamda sohada qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
Bu yo‘nalishda 2026-yilning birinchi yarim yilligida tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarining texnik holatini baholash bo‘yicha 261 ta inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilib, foydalanuvchi tashkilotlarga 1139 ta kamchilikni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Suvdan foydalanishga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi bo‘yicha 3322 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 9552 ta kamchilik aniqlandi. Shuningdek, qonunbuzilishlar xavfini kamaytirish, ularning kelib chiqish sabablari va sharoitlarini bartaraf etish maqsadida 1048 ta chora-tadbir amalga oshirildi.
Suvdan foydalanuvchilarning huquqiy madaniyatini oshirish va qonunchilik talablarini tushuntirish maqsadida 2127 ta profilaktika tadbiri tashkil etildi. Bu tadbirlar davomida suv isrofgarchiligiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tushuntirish va ko‘maklar berildi.
Amalga oshirilgan nazorat va profilaktika ishlari samarasida 1,4 milliard kub metr suv isrofining oldi olindi.
Shu bilan birga, ilgari suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, davlat byudjetidan subsidiya ajratilgan 153 ming gektar yer maydonlarida ushbu texnologiyalardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat kuchaytirildi. Natijada 10 348 gektar maydonda ekinlarni mavjud suv tejovchi texnologiyalar yoki ularning asosiy qismlaridan foydalangan holda sug‘orish tashkil etildi.
Suv resurslarining hisobini yuritish sohasida ham ishlar izchil davom ettirilib, 2671 ta suv olish joyida suv hisobi va hisoboti yuritilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, nazorat tadbirlari natijasida suv ob’ektlari va qurilmalariga zarar yetkazishning 491 ta holati, 418 ta noqonuniy suv olish holati hamda 210 ta holatda suv resurslarini kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab yuborishning oldi olindi.
Bizning asosiy maqsadimiz jazolash emas, balki suv isrofining oldini olish, har bir suv iste’molchisida mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish va suvdan samarali foydalanish madaniyatini yuksaltirishdan iborat.
– Vegetatsiya mavsumida suvdan foydalanishda qaysi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim?
– Vegetatsiya davrida suvga bo‘lgan ehtiyoj eng yuqori darajaga chiqadi. Shu sababli, har bir suv manbasi, magistral va xo‘jaliklararo kanallar, ichki sug‘orish tarmoqlari orqali uzatilayotgan suv qat’iy hisobga olinishi shart.
Suv o‘lchash vositalari asosida doimiy nazorat o‘rnatilishi, suv belgilangan limitlar asosida adolatli taqsimlanishi lozim.
Shu bilan birga, kanallardagi filtratsiya va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish, gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash va ulardan belgilangan qoidalar asosida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat suvni tejash, balki butun suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlaydi.
– Suvdan foydalanuvchilar, eng avvalo, nimalarga amal qilishlari kerak?
– Avvalo, har bir suv iste’molchisi ajratilgan suv limitlariga qat’iy rioya qilishi lozim. Sug‘orish ishlari agrotexnik talablar va ilmiy asoslangan sug‘orish rejimlari bo‘yicha tashkil etilishi zarur. Har bir kub metr suvning hisobini yuritish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish bugungi kunning muhim talabidir.
Shuningdek, kanal va ariqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, gidrotexnik inshootlardan texnik ekspluatatsiya qoidalari asosida foydalanish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish kabi suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish katta ahamiyatga ega.
Eng muhimi, suvdan noqonuniy foydalanish va isrofgarchilikning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lishimiz kerak. Suv - umummilliy boyligimiz va uni asrash har birimizning fuqarolik burchimiz.
– Suvni tejash mamlakatimiz uchun qanday natijalar beradi?
– Suvni tejash natijasida bir vaqtning o‘zida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik samaraga erishiladi. Millionlab kub metr suv iqtisod qilinib, ko‘proq maydonlarni barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishga va suv unumdorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfi qisqaradi, davlat xarajatlari kamayadi, yerlarning meliorativ holati yaxshilanadi va ekologik barqarorlik mustahkamlanadi. Eng muhimi, suv resurslaridan oqilona foydalanish mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.
– Suhbatimiz yakunida suvdan foydalanuvchilarga qanday murojaat qilgan bo‘lardingiz?
– Barcha fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar, suv iste’molchilari uyushmalari, suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari va barcha yurtdoshlarimizni suvdan oqilona foydalanishga chaqiraman. Har birimiz suvni tejasak, uni hisob-kitob asosida sarflasak va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasak, mamlakatimiz suv xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Suvni zovurga tashlab qo‘yishning har bir holati – favqulodda holat” degan tamoyil har bir suv iste’molchisining kundalik faoliyatida ustuvor qoidaga aylanishi lozim. Zero, suvni asrash – kelajakni asrashdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.