Kiberfiribgarlikka qarshi kurash – raqamli islohotlarning muhim talabi
Bugun mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish va onlayn to‘lovlar tizimini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu aholi va tadbirkorlar uchun katta qulayliklar yaratayotgan bo‘lsa-da, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni yanada kuchaytirishni ham taqozo etmoqda.
Ayniqsa, bank kartalari, mobil ilovalar va elektron platformalar orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik holatlari fuqarolarning moliyaviy xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu turdagi jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Karmana tumanida qayd etilgan holat buning yaqqol misolidir. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar fuqaroga zararlangan APK ilovasini yuborib, uning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Keyin esa jabrlanuvchining “E-auksion” platformasida ro‘yxatdan o‘tganidan foydalanib, bank kartasidagi 230 million so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik oyligi doirasida tashkil etilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan 3 nafar shaxs ushlandi.
Tergov davomida ularning faoliyati yanada keng ko‘lamli ekani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar Respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroni kiberfiribgarlik qurboniga aylantirib, jami 336 million so‘m mablag‘ni noqonuniy qo‘lga kiritgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, Navoiy viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA