Vatan ravnaqi, yurt farovonligi, yosh avlod kamoloti yo‘lidagi sadoqatli mehnat doim qadrlanadi. Yaxshilik, porloq xotira bilan yodga olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Qosimov xotirasiga bag‘ishlab “O‘zbekiston” nashriyotida chop etilgan “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yillar o‘tadi, lekin Rustam Qosimovdek Vatanga sadoqatli va fidoyi, qalbi pok insonlarni xalqimiz hech qachon unutmaydi”, degan so‘zlari anjumanning maqsad-mazmunini belgilab berdi.
Agar hayot bo‘lganida Rustam Qosimov bu yil tabarruk 70 yoshni qarshilar edi. Ushbu qutlug‘ sana arafasida nashr qilingan “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” nomli mazkur to‘plamdan taniqli davlat va jamoat arboblari, senator va deputatlar, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at xodimlari, shoir va adiblar, olimning yaqin do‘stlari, hamkasblari va shogirdlarining yodnomalari o‘rin olgan.
Ushbu yodnomalarda Rustam Qosimovning ibratli umr yo‘li, samarali ijtimoiy faoliyati, betakror insoniy fazilatlari, ona yurtga chin farzandlik muhabbati, talabchan va jonkuyar ustoz-murabbiy sifatida o‘nlab shogirdlariga ko‘rsatgan mehr-e’tibori hamda g‘amxo‘rliklari yorqin hayotiy voqealar orqali ochib berilgan bo‘lib, kitob qahramoni kamolga yetgan oilaviy va ijtimoiy-ma’naviy muhitni atroflicha aks ettirishi bilan katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Tadbirda Rustam Qosimovning el-yurtimiz oldidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari, amalga oshirgan ezgu va xayrli ishlari, go‘zal insoniy fazilatlari e’tirof etildi.
Ma’lumki, istiqlol ayyomi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan marhum Rustam Qosimov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Tadbirda so‘zga chiqqan olimning umr yo‘ldoshi Dilbar Tillayeva bu yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobi tarqatildi.
N.Usmonova,
O‘zA