“Royal Jordanian” O‘zbekiston va Iordaniyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar bilan bog‘ladi
Iordaniyaning milliy aviatashuvchisi — “Royal Jordanian” aviakompaniyasi Amman va Toshkent o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘ydi.
Yangi aviaqatnov ikki davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada mustahkamlab, turizm, biznes va madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
1-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:10 da aviakompaniyaning Ammandan amalga oshirilgan ilk reysi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Aviatsiya an’anasiga muvofiq, samolyot suv arkasi orqali kutib olindi, ekipaj a’zolariga gullar berildi. Shuningdek, aeroport terminalida “Uzbekistan Airports”, Toshkent xalqaro aeroporti hamda “Royal Jordanian” vakillari ishtirokida yangi yo‘nalishning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Endi Amman – Toshkent – Amman yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Royal Jordanian” aviakompaniyasining tijorat direktori Karim Mahlufning ta’kidlashicha, yangi yo‘nalish O‘zbekiston va Markaziy Osiyo aholisi uchun Iordaniyaning mashhur sayyohlik maskanlari — qadimiy Petra shahri, O‘lik dengiz, Vodi-Ram sahrosi va boshqa diqqatga sazovor joylarga sayohat qilish imkoniyatini yanada osonlashtiradi. Uning qayd etishicha, mazkur yo‘nalish Iordaniya turizmini rivojlantirishga qaratilgan “ExploRJordan” dasturining bir qismi hisoblanadi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi aviaqatnovning ochilishi O‘zbekistonning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishda muhim qadam bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasida turizm, ishbilarmonlik aloqalari va madaniy almashinuvni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Yangi reys nafaqat o‘zbekistonlik sayyohlarga Iordaniyaning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi, balki Iordaniya va qo‘shni davlatlar fuqarolari uchun ham O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mashhur tarixiy shaharlariga qulay sayohat qilish imkoniyatini yaratadi.
Ma’lumot uchun, “Royal Jordanian” Iordaniyaning milliy aviatashuvchisi bo‘lib, Ammandagi Qirolicha Aliya xalqaro aeroporti bazasida faoliyat yuritadi. Kompaniya zamonaviy Airbus, Boeing va Embraer rusumidagi samolyotlar parki orqali Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo, Afrika hamda Shimoliy Amerikadagi 40 dan ortiq yo‘nalishga muntazam parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA