Rossiyada o‘lat gumoni: rasmiylar rad etmoqda
RF rasmiylari Sibirda vafot etgan 28 yoshli laboratoriya xodimida o‘lat kasalligi aniqlanganini rad etmoqda, biroq u bilan muloqot qilgan qariyb 200 nafar shaxs karantinga olingan, 60 dan ortiq hamkasbi institut binosida bir necha kun ushlab turildi, ayrim shifoxonalarga kirish ham cheklandi.
Irkutskdagi O‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Darya Shipilova sentabr oxirida Shelexov tuman shifoxonasiga yotqizilgan va o‘tgan juma kuni vafot etgan. Rossiya iste’molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish federal xizmati — Rospotrebnadzor uning tanasidan ish joyidagi faoliyati bilan bog‘liq xavfli mikroorganizmlar topilmaganini bildirdi.
Rasmiy tashxis “sababi noma’lum pnevmoniya” deb ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, Shipilova bilan aloqada bo‘lganlar kuzatuv va karantinga olingan. Irkutskdagi ayrim shifoxonalar, jumladan tug‘ruqxona bo‘limida ham cheklovlar joriy etilgan.
Hodisa atrofida turli taxminlar tarqalmoqda, ammo o‘lat tashxisi hozircha tasdiqlanmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Irkutsk viloyati uchun xavfni pastdan o‘rtacha darajagacha deb baholagan.
Yevropa kasalliklarni profilaktika qilish va nazorat markazi ham holatni kuzatayotganini bildirib, o‘lat gumoni hali tasdiqlanmaganini qayd etdi. Shu bilan birga, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Rossiya bilan chegarada sanitariya nazoratini kuchaytirdi. Kasallikning rasmiy sababi bo‘yicha yakuniy natijalar hozircha e’lon qilinmagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA