Chet tillarni o‘qitish takomillashmoqda
Andijonda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari rektorlar kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari rektorlar kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Unda xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari sifat va samaradorligini oshirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
– Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori Muqaddas Abdullayeva. – Xususan, chet tillarini o‘qitishda mutaxassislar malakasini oshirish, o‘qitish jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida yuksak natijalarga erishilmoqda.
Ishtirokchilar viloyatning tuman va shaharlaridagi tayanch umumta’lim maktablarida tashkil etilgan ingliz tili haftalik kurslari faoliyati, ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Biz Shahrixon tumanidagi 64-umumta’lim maktabida bo‘lib, ingliz tili o‘qituvchilarining kasb malakasini oshirish bo‘yicha o‘tilgan mashg‘ulot jarayonini kuzatdik, – deydi Surxondaryo viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori Umarali Qodirov. – Mashg‘ulotlar qiziqarli, interfaol usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida olib borilayotgani mutaxassislarning bilim va malakasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilishda chet tillarini o‘qitish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.