Ringda hamma narsa bo‘lishi mumkin
Xabar berganimizdek, 25 oktyabr-6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi.
Mukofot jamg‘armasi 2,6 million AQSH dollari etib belgilangan jahon chempionatini har tomonlama yuqori darajada o‘tkazish hamda g‘oliblarni munosib tarzda taqdirlash uchun AIBA yana bir yangilikka qo‘l o‘rdi.
21-jahon chempionatining g‘oliblariga medal, diplom va pul mukofotlaridan tashqari chempionlik kamarlari ham taqdim etiladi.

AIBA prezidenti Umar Kremlevning so‘zlariga ko‘ra, bu, eng avvalo musobaqa ishtirokchilariga o‘zgacha kayfiyat tortiq etadi. Shuningdek, shoxsupadan joy olganlarni kamar bilan siylash orqali yosh talantlarga ruhiy quvvat bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, jahon chempionatini har galgidan boshqacha tarzda o‘tkazish boksning rivojiga katta dalda bo‘lib xizmat qiladi.
Chempionat dasturiga binoan Belgrad ringlarida 105 ta davlatning 659 nafar charm qo‘lqop ustasi 13 ta vazn toifasida ringga kutariladi.
Hozirda Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, AQSH, Angliya kabi bir qator davlatlar 21-jahon chempionatida qatnashadigan tarkibni e’lon qilgan bo‘lsa, qolgan terma jamoalar bugun-erta ruyxatni ma’lum qilish arafasida.

Aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston terma jamoasining yetakchisi Bahodir Jalolov Tokio olimpiadasidan keyingi tiklanish jarayoni davom etayotganligi sababli mazkur jahon chempionatini tamoshabinlar safida kuzatadi.
Serbiya ringlarida Vatanimiz sharafini qaysi bokschilar himoya qilishini esa Marat Qurbonov boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasining murabbiylar kengashi 21 oktyabr kuni ma’lum qilishi kutilmoqda.
Xabaringiz bor, yurtimiz bokschilari o‘n kunga yaqin muddat tarkibida bir qator jahon va olimpiya o‘yinlari g‘oliblari bo‘lgan Kuba terma jamoasi bilan qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi. Qiziqarli va shiddatli tarzda o‘tgan mazkur qo‘shma o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari 20 oktyabr kuni yakuniga yetdi. Har ikkala terma jamoa 21-jahon chempionatida qatnashish uchun 22 oktyabrda Serbiyaga yo‘l olishadi.

E’tiborli jihati, mamlakatimiz charm qulqop ustalari Belgradga 2019 yilgi jahon chempionatining g‘olibi bo‘lgan yetakchi davlat sportchilari sifatida tashrif buyursa, Kuba 2017 yili Germaniyada o‘tgan jahon chempionatidagi natijasini takrorlash orzumandligi bilan Belgradga kirib boradi.
Tarixga nazar tashlasak, Ganburgdagi 19-jahon chempionatida kubaliklar 5 ta oltin, 2 ta kumush bilan umumjamoada 1-o‘rinni egallagandi. “O‘zbek yo‘lbarslari” bo‘lsa, Germaniyadagi jahon chempionatida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza evaziga 2-o‘rindan joy olgandi.
2019 yilgi chempionatda esa iste’dodli bokschilarimiz hech kimga imkoniyat qoldirmagan holda 3 ta oltin, 1tadan kumush va bronzali bo‘lib dunyo boksidagi yetakchiligini namoyish qilgandi. Rossiya ringlarida kubaliklar har uchala medaldan 1 tadan qo‘lga kiritib, kuchli to‘rtlikka musharraf bo‘lishgandi.

Lekin ortda qolgan yillar mobaynida ko‘p narsa o‘zgardi. Boksning xalqaro tashkiloti AIBA da ham, Kuba va O‘zbekistonda ham, shuningdek boshqa boks jamoalarida ham sportchilar, murabbiylar tarkibi kundan kunga yangilanib bormoqda.
Qolaversa, jahon chempionatidagi referelar tarkibidiyam yangiliklar bor, albatta. Ammo, Tokio olimpiadasidagi hakamlarning “qilig‘i” Serbiyada takrorlanmaydi, deya qat’iy aytib ham bo‘lmaydi.
Ringda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini o‘tgan yillardagi bahslar, chempionatlar, yutqazib turib yutgan bokschilar faoliyati ko‘rsatib, aytib turibdi.

Istagimiz, sheryurak sportchilarimiz nafaqat raqibiga, balki hakamlarga-da o‘z texnik va taktik ustunligi bilan imkoniyat qoldirmasa bo‘lgani. Bundan tashqari, omad vakillarimiz tomonda bo‘lsa bas.
Qarishilayotganimiz 2021 yilgi jahon chempionatida yurtimiz bokschilarini katta dovonlar kutib turibdi. Belgradda o‘tkaziladigan chempionatda munosib ishtirok etish, yetakchilikni mardonavor himoya qilish terma jamoa oldidagi katta vazifadir.
Ishonamizki, olovqalb bokschilarimiz barchasini uddalaydi. Xalqimizga xos sobitqadamlik bilan belgilangan shoxsupalarda O‘zbekiston madhiyasini baralla kuylab, xur bayrog‘imizni yuksaltiraveradi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA