Rimdan Gonkonggacha: “Tinchlik yo‘li” ekspeditsiyasi ishtirokchilari Samarqandda
Joriy yilning 4-iyulida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kirib kelgan “Tinchlik yo‘li” (The Drive of Peace) xalqaro elektromobil ekspeditsiyasi ishtirokchilari Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi betakror tarixiy obidalardan o‘tib Samarqandga yetib keldi.
“The Drive of Peace” – “Tinchlik yo‘li” ekspeditsiyasi dunyo xalqlarining turmush tarzi va madaniyatini o‘rganish, turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini ommalashtirish hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga keng tatbiq etishga xizmat qiladi. Ayni paytda mazkur tashabbus ekspeditsiya marshrutidan o‘rin olgan mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga ham zamin yaratmoqda.
– Samarqandda ikkinchi bor bo‘lishim, – deydi ekspeditsiya ishtirokchisi, xitoylik investor Patrik Chjen. – Bundan sakkiz yil oldin qadimiy kentda bo‘lib, uning betakror jozibasidan bahra olgan edim. Samarqand menga juda ham yoqadi. Shaharning ko‘rkamligi, odamlarining samimiyligi har doim meni o‘ziga ohanrabodek tortib turadi. Aslida ham turizm shaharlari mana shunday jozibaga ega bo‘lishi kerak. Shundagina u yerda turizm rivojlanadi.
Men buning isbotini Samarqand misolida ko‘rib guvohi bo‘lib turibman. Bevosita ekspeditsiyaga to‘xtaladigan bo‘lsak, maqsadimiz dunyo xalqlarini o‘zaro hamjihatligini mustahkamlab, yer yuzida tinchlik va xotirjamlik hukm surishini ta’minlashga hissa qo‘shish. Rimdan boshlangan ekspeditsiyamiz Buyuk Ipak yo‘li shaharlari orqali Gonkongga yetib borishi ko‘zda tutilgan. Bir haftadirki O‘zbekistondamiz. Bu vaqt oralig‘ida joylarda turistik ob’ektlar bilan tanishib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yanada yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik.
Tashrif davomida mehmonlar Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi, Mirzo Ulug‘bek muzey-majmualarida bo‘lib, xalqimiz tarixi, madaniyati bilan yaqindan tanishdi. Bir necha ming yillik obidalarning bunyod etilish tarixi, ularda dunyo ilm-fani uchun asos bo‘lgan ilmiy izlanishlar olib borilgani haqidagi ma’lumotlar mehmonlarning qiziqishini yanada oshirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari