Toshkentda 19 fevral kuni “Reproduktiv salomatlik va ayollar huquqlari, sog‘lom oilani shakllantirish, OIV va reproduktiv tizim saratoni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) hamkorligida Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili doirasida tashkil etildi. Unda davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, reproduktiv salomatlik bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi.
YUNFPA 1993 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda milliy sheriklar bilan hamkorlikda o‘zining beshinchi Milliy dasturini (2020-2025) amalga oshirmoqda. Yangi dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri onalar o‘limini uchdan birga qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishni kuchaytirishdan iborat. Bundan tashqari, ayollar va qizlarning reproduktiv huquqlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
Onalar o‘limi jamiyatni xavotirga soladigan eng noxush muammolardan biridir. O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilda onalar o‘limi bo‘yicha past ko‘rsatkich saqlanib kelmoqda – har 100 ming chaqaloqqa 18,5 onalar o‘limi to‘g‘ri keladi.
Tahlillar past sharoitli tuman tug‘ruqxonalarida vafot etgan onalarning 60 foizini yaxshi jihozlangan shifo maskanlariga jo‘natib, hayotini asrab qolish mumkinligini ko‘rsatgan. Qolaversa, pandemiya ham onalar o‘limi xavfini oshiradi, chunki u tibbiyot muassasalari yopilishiga yoki xizmat ko‘rsatish cheklanishiga sabab bo‘ladi.
Tadbirda reproduktiv salomatlik, tibbiy islohotlarda uning o‘rni, sohani takomillashtirish bo‘yicha kelgusi vazifalar muhokama qilindi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili davomida hukumat tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bir qismi sifatida ayollar reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida so‘z bordi. Mavzuga doir ma’ruzalar tinglandi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar reproduktiv salomatlikning hozirgi holatini ko‘rib chiqish, muammolarni muhokama qilish va ularni hal etish yo‘llarini aniqlash imkoniga ega bo‘ldi.
S.RAHIMOV, O‘zA